Fransiyalik musulmonlar bir necha kun burungi voqealardan so’ng jamiyatda ularga qarshi kayfiyat kuchayayotgani haqida ma’lum qilmoqda. Bu mamlakatda yashayotgan bir ayol o’z kechinmalari bilan o’rtoqlashdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Nuel Garnussi Fransiyaga musulmon davlatdan kelmagan. Uning o’zi ham, ota-onasi ham, buvisi ham Fransiyada tug’ilgan. Nuel ona tomondan nasroniy, katolik, buvasi musulmon bo’lgan. U o’zi uchun islom dinini tanladi.
Bir necha kun oldin Nuelning telefoni azon sadosi bilan jiringlagani uchun ko’chada kimdir uning yuziga tupurdi.
"Nazarimda so’nggi xurujlardan so’ng odamlar menga fransuz yoki ayol sifatida emas, musulmon sifatida muomala qila boshlagan. Bundan iztirobdaman. Axir men Fransiyada tug’ilganman, fransuzman. Buvimning ismi Annik edi. Onasining ismi Antuanetta bo’lgan – eng fransuzcha ism”, - deydi Nuel.
36 yashar ayol 5 mahal namozni kanda qilmaydi. Kiyim jovonida hijob va joynamoz bilan bir qatorda “Lui Viton” etigi va dizayner sumkalari ham turadi.
Nuel fransuz madaniyati va an’analarini himoya qiladi, ekstremistlar xurujlarini qoralaydi, ammo shu bilan bir qatorda, “Sharli Ebdo” jurnalida musulmonlar haqoratomuz deb topgan karikaturalarni provokatsiya deb ataydi. Jurnal harakatlari natijasida Fransiyadagi 5 million musulmon hayoti qiyinlashdi, deydi u.
"Odamlarimiz musulmonlarni arablar bilan adashtiradi. Tub aholi orasida islomni qabul qilayotganlar ko’paymoqda. Jamiyatdagi muomala ularga ham qarshi qaratilgan deb o’ylayman. Menga anonim qo’ng’iroqlar ko’p bo’ladi. Javob bersam, jim turishadi, keyin go’shakni qo’yib qo’yishadi”, - deydi u.
Nuel, nafaqat oddiy xalq, balki hukumat ham islom dini mohiyatini tushunmaydi, deydi; Prezident Emmanuel Makronning “ma’rifatli fransuz islomi” haqidagi gaplaridan taajjubda.
"Islom dini bitta. Fransiyada ham, Yaponiyada ham, Germaniyada ham. Musulmonlarni ajratish, bir qismini boshqalarga qaraganda to’g’riroq deyish xavfli va katta xatodir”, - deydi u.