O’z fuqarolarini hamda harbiylariga Afg’onistonda yordam bergan afg’onlarni evakuatsiya qilayotgan boshqa davlatlar 31-avgustdan keyin ba’zilar qolib ketishidan xavotirda. “Katta Yettilik” guruhiga a’zo mamlakatlar rahbarlari video muloqot orqali vaziyatni muhokama qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
AQShning xavotiri shuki, evakuatsiya muddati cho’zilgani sari Amerika askarlarining jihodchi guruhlar hujumiga uchrash ehtimoli oshmoqda.
AQSh qo’shinlari va harbiy qudratisiz boshqa davlatlar evakuatsiya qilishda qiynalishi aniq.
“Xavfsizlikni NATOdagi ittifoqchilar ham ta’minlashi mumkin, biroq kichikroq darajada. Harqalay Afg’onistondagi xorijiy kuchlarning negizini amerikaliklar tashkil etadi. Evakuatsiya davom etishi Amerikaning harbiy salohiyatiga bog’liq”, - deydi Indiana universiteti professori, Afg’onistonda AQSh kuchlari tarkibida xizmat qilgan Endryu Bell.
Tolibon evakuatsiyaning 31-avgustdan keyin davom ettirilishiga qarshi.
“So’nggi kungacha ishni davom ettiramiz. AQSh prezidenti, Tolibon nima deganini eshitdingiz”, - deydi Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson.
Unga ko’ra, “Katta Yettilik” rahbarlari bundan keyingi harakatlarini muvofiqlashtirishga kelishgan.
“Tolibon bilan muloqot qilish uchun umumiy yo’l xaritasi bo’ladi. Harqalay Kobulda Tolibon hukumati bo’ladi deb o’ylayman”, - dedi Jonson.
Ayrim mamlakatlar moliyaviy yordam va’da qildi. Yevropa Ittifoqi Afg’oniston uchun 1,2 milliard dollar ajratganini bildirdi.
“Pul hozircha muzlatilgan. Shartlarimiz bajarilishi haqida aniq kafolat olmagunimizgacha, ularning joylarda bajarilayotgani haqida ishonchli ma’lumot olmagunimizgacha”, - deydi Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen.
Yevropa davlatlari qo’shinlarning Afg’onistondan chiqarilishi uzoq muddatli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotirda.
“Kontrabandachilar va inson savdogarlari uchun yangi bozor yaratilishiga yo’l qo’ymaylik. Migratsiya oqimini nazorat qilishda, ittifoq chegaralarini himoya qilishda qattiq turamiz”, - deydi Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishel.
“Katta Yettilik” va NATO tashkilotlari uchun bu sinov, deydi tahlilchi Bell.
“Qisqa muddatda by ziddiyatlarga sabab bo’lishi aniq. Trampdan keyingi davrda ko’priklarni muntazam ravishda qayta qurib turish kerak”, - deydi siyosatshunos.