AQSh, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytiradi

  • Amerika Ovozi

AQSh va Germaniya rahbarlari muloqotda, Katta Yettilik sammitida, 8-iyun, 2015

AQSh va Yevropa rahblarlari Rossiya Ukraina suverenitetini hurmat qilmasa va Minsk bitimiga amal qilmasa, Moskvaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirmoqchi.

Katta yettilikning Germaniyadagi ikki kunlik sammitida shu masala, shuningdek, savdo, iqlimdagi salbiy o'zgarishlar va terrorizmga qarshi kurash kabilar ham muhokama qilindi.

Moskvaga qo'yilgan sanksiyalar kelasi ikki oyda tugashi kerak. Yevropa davlatlarini bu sanksiyalarni uzaytirishga ko'ndirish uchun Obama bor kuchini ishga soldi. Rossiya G'arb mamlakatlari bu borada mushtarak ekanini bilishi kerak, dedi Amerika rahbari.

"Yevropadagi sheriklarimiz Rossiyaga joriy qilingan sanksiyalarni kuchda qoldirishga rozi, dedi Obama. Moskva Minskda erishilgan sulh shartlarini to'liq bajarmas ekan, sanksiyalar amalda qoladi",- deydi Obama.

Qo'shma Shtatlar va Katta yettilikning boshqa a'zolari Kremlga qattiq ogohlantirish bermoqda. Rossiya Ukrainaning suverenitetini hurmat qilmasa, kuchliroq sanksiyalarga uchraydi.