Katta Yettilik: Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish kerak

  • Amerika Ovozi

Ukraina mojarosi, Gretsiyadagi iqtisodiy tanazzul hamda ekstremizmga qarshi kurash - Germaniyada o’tayotgan Katta Yettilik sammitida bosh mavzular.

Your browser doesn’t support HTML5

Katta Yettilik: Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish kerak - Shohruh Hamro

Ikkinchi yildirki, Rossiya guruh majlisida qatnashmayapti. Bu davlat Ukrainaga nisbatan agressiyani to’xtatmas ekan, sanksiyalarni uzaytirish lozim, degan chaqiriqlar yangramoqda.

Prezident Barak Obamaning Germaniya kansleri Angela Merkel bilan muloqotidan so’ng Oq uy bayonot chiqardi. Rossiya Minskda imzolangan sulh bitimiga to’la amal qilmaguncha va Ukraina suverenitetini tan olmaguncha, sanksiyalar bekor qilinmasligi kerak, deyiladi unda.

Yevropa Kengashi prezidenti Donald Tusk Yevropa Ittifoqi va Katta Yettilik Ukraina masalasida yakdil ekanini aytadi.

“Bizni nafaqat siyosiy va iqtisodiy manfaatlar, balki mushtarak qadriyatlar birlashtirib turadi. Shuning uchun safimizda Rossiya yo’q bugun”, - dedi u.

AQSh rahbari Yevropa mamlakatlarini, ayniqsa Rossiya gaziga tayanuvchi ittifoqchi davlatlarni sanksiya masalasida qat’iyatliroq bo’lishga undayapti.

Global iqtisod, savdo, iqlim o’zgarishi, ekstremizmga qarshi kurash qatorida Ukrainadagi so’nggi jarayonlar ham sammit kun tartibidan o’rin olgan.

Rossiya rahbari, o’z navbatida, Ukrainada olishuvlar yana avj olganida Kiyevni ayblamoqda.

“Minsk kelishuvi shartlari to’liq bajarilishidan manfaatdormiz. Mojaroni hal qilishning boshqa yo’li yo’q”, - deydi Vladimir Putin.

Uning ta’kidlashicha, urush davom etayotganining asosiy sabablaridan biri Prezident Poroshenko separatist rahbarlar bilan muzokaradan bosh tortayotganidir.

Yevropada o’rta masofali yadroviy raketalarni qayta o’rnatish to’g’risidagi so’nggi payt yangrayotgan chaqiriqlarga javoban, Putin “Rossiyadan qo’rqishga hojat yo’q, biz hech kimga hujum qilmaymiz”, deydi.

Sanksiyalar o’zi qanchalik samara bermoqda?

Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest deydiki, iqtisodiy bosim Putinning Ukrainaga doir qarorlariga ta’sir etgani sezilmayapti. “Rossiya Ukraina suverenitetini oyoq osti qilishda, qo’shni davlatdagi separatistlarni quvvatlashda davom etmoqda”, - deydi u.

Rossiyani jazolash va diplomatik jihatdan yakkalash tobora murakkab jarayon. Chunki Eron bilan davom etayotgan muzokaralarda, shuningdek, Suriyani kimyoviy qurollardan tozalashda Moskvaning yordami zarur.

O’tgan oy AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Sochiga safar qilib, Putin bilan to’rt soat muloqot qilgan. Ammo natija yo’q.