Katta Yettilik qanday mavzularni muhokama qiladi?

  • Amerika Ovozi

24-avgust kuni Fransiya Katta Yettilik guruhi sammitiga mezbonlik qiladi. AQSh, Fransiya, Britaniya, Germaniya, Italiya, Yaponiya va Kanada rahbarlari rivojlangan davlatlarning yillik anjumanida muhim dunyo muammolarini muhokama qiladi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron sammit kun tartibiga asosiy masala sifatida qashshoqlikka qarshi kurashni qo’ydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 22-avgust, 2019-yil - Katta Yettilik qanday mavzularni muhokama qiladi?

Fransiyaning Biarritsa oromgohida Katta Yettilik guruhining 45-sammitiga so’nggi tayyorgarliklar ketmoqda. Biroq ba’zi moliyaviy xavotirlar majlis ishtirokchilarini boshqa mavzulardan chalg’itishi mumkin.

O’tgan hafta AQSh va Germaniyaning ikki yillik davlat obligatsiyalari 10 yillik g’aznachilik majburiyatlariga qaraganda daromadliroq bo’lganini sarmoyadorlar tahlikali deb bilmoqda.

“Ayniqsa AQShda xavotir kuchli. Ko’plar buni inqirozdan darak deb bilmoqda”, - deydi “London kapital guruhi”dan Jasper Loler.

Eng yomoni – tanazzuldan chiqish uchun odatda ishlatiladigan usul endi bo’lmaydi.

“Bunday holatda odatda markaziy banklar foiz stavkalarini tushirishadi, ammo hozir stavkalar usiz ham tushirilgan, eng quyi nuqtada”, - deydi mutaxassis.

Iqtisodiy xavotirlarga AQSh va Xitoy o’rtasidagi savdo urushi asosiy sabab deya ko’rilmoqda. Har ikki mamlakat yuzlab milliard dollarlik o’zaro eksport mahsulotlariga import tariflari qo’yib, bu urushdan chekinish niyati yo’qligini ko’rsatgan. Jabrdiydalar orasida Yevropa ham bor.

“Nafaqat savdo urushi, balki avtomobil sanoatida dizel mashinalardan elektrokarlarga o’tish ham mavhumlikka sabab bo’lib, Yevropaga salbiy ta’sir qilmoqda”, - deydi Jasper Loler.

Biroq sammit mezboni Fransiya iqtisodiy muammolar Parij belgilagan kun tartibiga soya solishiga yo’l qo’ymasligini bildirmoqda. Iqlim o’zgarishi ana shu kun tartibidagi asosiy masala, deydi tahlilchi Jon Kirton.

“Kundalik ilmiy izlanishlar natijasi va Yevropani urayotgan tarixiy jazirama havo Fransiyani iqlim o’zgarishi muhokamasiga majburlamoqda”, - deydi Toronto universiteti mutaxassisi.

O’tgan yili AQSh Prezidenti Donald Tramp Katta Yettilikning Kanadadagi sammitini erta tark etib, yakuniy bayonotga qo’shilmagan edi. Makron Trampni erta qo’yib yubormaslikka harakat qiladi, deydi Kirton.

“Makron bu yilgi sammit kun tartibini Donald Trampga qiziqarli shaklda tuzishga harakat qildi. Jinsiy tenglik, ta’lim, sog’liqni saqlash mavzulari ham muhokamada bo’ladi. Tramp bu mavzularda yaxshi gapiradi”, - deydi tahlilchi.

Xavfsizlik bilan bog’liq xavotirlar ham kun tartibidan o’rin olgan. Shimoliy Koreya ballistik raketalari sinovlarini jonlantirdi, Eron Fors ko’rfazida tankerlarni hibsga olmoqda, Rossiya va Gonkongda hukumatga qarshi namoyishlar bo’ldi. Katta Yettilik a’zolari uchun muhim masalalar bular.

“Avtoritar rahbarlarning siyosiy sahnadan ketganini ko’rganimiz yo’q. Katta Yettilik demokratiyani targ’ib etish uchun nima qila oladi”, - deya so’raydi Jon Kirton.

Tramp sammitda Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson bilan ilk bor ko’rishadi. Yevropa Ittifoqidan kelishuvsiz chiqish arafasida turgan Britaniya AQSh bilan savdo bitimiga kelishishga umid qilmoqda.

Iste’fo bergan Bosh vazir Juzeppe Konte o’rniga Italiyadan anjumanda kim qatnashishi hozircha noma’lum.

Shu hafta Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni mehmon qilgan Emmanuel Makronning aytishicha, besh yil oldin Ukrainadagi voqealar sabab guruhdan haydalgan Rossiyani unga qayta taklif qilish kerak.

AQSh prezidenti ham Katta Sakkizlikni tiklash tarafdori. Uning aytishicha, guruhda muhokama qilinayotgan masalalarning ko’pi Rossiya ishtirokini talab qiladi. Biroq G’arbdagi ayrim siyosatchilarga ko’ra, Rossiyaning rivojlangan mamlakatlar guruhiga qaytishi Ukrainadagi vaziyatga bog’liq.