Katta Yettilik vazirlari koronavirusga qarshi kurashni muhokama qildi

  • Amerika Ovozi

Katta Yettilikka a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari ilk bor videoaloqa orqali muloqot qilib, koronavirus pandemiyasiga qarshi hamkorlikda kurash xususida gaplashdi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Qo’shma Shtatlar Pekin bilan bu borada hamkorlikka tayyor ekanini aytdi.

“Bu global pandemiya. Insonlar hayotini saqlashda, “Uxan virusi”dan qaqshagan iqtisodiyotlarimizni tiklashda, odamlar salomatligini ta’minlashda AQSh barcha mamlakatlar, jumladan Xitoy bilan hamkorlikka tayyor”, - dedi u.

Xitoy o’z hududida koronavirusga qarshi kurashar ekan, qator mamlakatlar, jumladan Yevropada eng qattiq zarar ko’rgan Italiyaga tibbiy anjomlar va mutaxassislarini yuborgan.

Savdo bobidagi tortishuvlar sabab yomonlashgan AQSh-Xitoy aloqalari dunyo koronavirus pandemiyasiga yuz tutganidan so’ng yanada keskinlashdi.

Singapur Milliy universiteti mutaxassisi Dryu Tompsonning aytishicha, AQSh Xitoydan tibbiy uskunalar, jumladan himoya vositalari importini taqiqlamoqchi bo’lgani, virusning kelib chiqishi bo’yicha ikki davlat rasmiylari o’rtasidagi so’z urushi tomonlar hali ham ikki tomonlama aloqalarda murosaga tayyor emasligini ko’rsatmoqda va aksincha, ziddiyatlar kuchayishda davom etishi mumkin.

Katta Yettilikka a’zo ayrim davlatlar vazirlari koronavirusning “Uxan virusi” deb nomlanishiga qarshi chiqqani bois onlayn majlis yakunida qo’shma bayonot qabul qilinmadi. Biroq rasmiylar vaksinani yaratishda, xorijda qolgan fuqarolarini vataniga qaytarishda, global iqtisodiyotni himoya qilishda hamkorlikka kelishdi.