AQSh poytaxti Vashingtonda Katta Sakkizlik guruhiga a’zo davlatlarning tashqi ishlar vazirlari uchrashmoqda. Guruhga AQSh, Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Italiya va Rossiya kiradi.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, ikki kunlik muloqot Katta Sakkizlik e’tiborini talab qiladigan ko’pgina global masalalarni muhokama qilish uchun imkoniyatdir. Kun tartibidagi bosh mavzu – Suriya.
“Bu davlatda zo’ravonlik tinmayotgani tashvishlanarli hol. BMT va Arab Ligasi maxsus vakili Kofi Annan taqdim etgan sulh rejasini tatbiq etish oson bo’lmayapti”, - deydi u.
Katta Sakkizlikka kiruvchi AQSh, Fransiya va Britaniya Suriya prezidenti Bashar al-Assad hokimiyatdan ketishi va demokratik saylovlar o’tkazilishi kerak degan fikrda. O’z navbatida, Rossiya ittifoqchisini qo’llab-quvvatlab, Suriyaga qurol sotishda davom etayapti.
Eslatib o’tamiz, Turkiya kelayotgan shanba Eron yadro dasturi bo’yicha navbatdagi muzokaralarga mezbonlik qiladi.
Klinton so’zlariga ko’ra, bahsni diplomatiya orqali hal qilish uchun hali vaqt bor, lekin Eron tezlikda muzokara stoliga qaytishi kerak.
Islomiy respublika yadroviy tadqiqotlardan faqat tibbiyot va energetika sohasida foydalanishini aytib keladi, biroq G’arb bunga ishonmaydi.
Klinton bu BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga zid ekanini ta’kidlab o’tdi. Ammo Shimoliy Koreya raketa uchirish rejasidan qaytmoqchi emas.
Katta Sakkizlik majlisida terrorizm, qaroqchilik, oziq-ovqat xavfsizligi hamda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi demokratik o’zgarishlar ham muhokama etiladi. Kelasi oy AQShda sakkiz davlat rahbari yuzma-yuz muloqot qilishi kutilmoqda.