Katta Sakkizlik yig’inida Suriya, Shimoliy Koreya asosiy mavzular

  • Amerika Ovozi

Iordaniyadan boshpana olgan suriyalik qochqinlar

Bugun Londonda o’tayotgan Katta Sakkizlik guruhiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari yig’inida Suriya mavzusi muhokama qilinmoqda.

Britaniya va Fransiya Yevropa Ittifoqi joriy etgan qurol embargosini bekor qilib, prezident Bashar al-Assadga qarshi olishayotgan isyonchilarga qurol-aslaha jo’natishga undayapti. Ittifoqning ayrim a’zolari bu chora Suriya mojarosini yanada alanga oldiradi, deya xavotirda.

Your browser doesn’t support HTML5

Katta Sakkizlik anjumanida Suriya, Koreya mojarosi muhokamada/Nasiba Tohir


Londondagi anjumanda Suriya muxolifati ham qatnashib, Britaniya Tashqi ishlar vaziri Vilyam Xeyg va AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan alohida uchrashuvlar rejalagan.

“Prezident Assadni o’z xatti-harakatlarini qayta ko’rib chiqishga ko’ndirish lozim. Londonda Suriya muxolifati bilan mana shu masalada gaplashamiz”, - deydi Jon Kerri.

Xeygning aytishicha, muxolifat bilan muzokaradan maqsad ziddiyatga siyosiy yechim topish va gumanitar ehtiyojlarni qondirish.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun mojaroda har ikki tomon kimyoviy qurolni ishga solgani haqidagi da’voni tergov qilish uchun imkon yaratishni so’rayapti.

“Rasmiy Damashqni to’laqonli surishtiruvga yo’l ochishga undaymiz. Tergovchilar missiyasi safarga shay turibdi. Halab va Himsga kirishga ruxsat bering”, - deya undadi Pan Gi Mun.

Katta Sakkizlik Shimoliy Koreya yuzasidan ham keskin bayonot bilan chiqishi mumkin.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Gvido Vestervelle rasmiy Pxenyanni do’q-po’pisalarni bas qilishga undamoqda.

“Shimoliy Koreya urush haqidagi tahdidlarini tugatishi lozim”, - deydi Germaniya rasmiysi.

Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Fumio Kishida ham Katta Sakkizlikni Pxenyan borasida qat’iy yechim bilan chiqishga chaqirdi.

“Shimoliy Koreyaning raketa, yadro quroli sinovlari, provokatsion bayonotlari nafaqat bevosita biz qo’shnilarga, balki butun dunyoga xavf solayapti. Yaponiya ehtiyot choralar ko’rishni, o’z fuqarolari xavfsizligini ta’minlashni lozim deb topadi”, - deydi Yaponiya tashqi ishlar vaziri.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham mazkur xavotirlarni o’rinli hisoblab, Shimoliy Koreyaning tajovuzkorlik xatti-harakatlarini tanqid qilmoqda.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Rimda pontifik Fransisk bilan ko’rishar ekan, Pxenyanga ogohlantirish berdi.

“Har qanday nojoiz harakat qo’rqinchli, qaytarib bo’lmas halokatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli ham Shimoliy Koreya rahbariyatini tahdidli chiqishlardan tiyilishga, qo’shni mamlakatlarni Koreya yarimorolidagi ahvolga ta’sir qilishga undab kelaman”, - deydi Pan Gi Mun.

Xitoy shundoq biqinida urush boshlanishiga qarshi.

“Koreya yarimorolida ayni damda ahvol g’oyat murakkab va qaltis”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xon Li. “Ziddiyat yanada avj olmasligi uchun hozir tarafkashlik qilish o’rinsiz. Har ikki Koreyani zulmdan tiyilishga chaqiramiz”, - deydi u.

Katta Sakkizlikka AQSh, Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Kanada va Rossiya kiradi. Majlis payshanbaga qadar davom etadi.