AQSh Mudofaa vazirligi yirik harbiy idorani yopmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts yirik harbiy bo’linmani tugatishga qaror qilgan. O’gir iqtisodiy sharoitda xarajatni kesishga majburmiz, davlatni mudofaa qilish uchun zarur bu, deydi vazir.

Geytsning aytishicha, kelasi yil Qo’shma harbiy kuchlar qo’mondonligi tugatiladi. Mudofaa vazirligi qoshidagi 10 yirik jangovar bo’limdan biri. Virjiniya shtatida asoslangan idorada 2800 odam ishlaydi va yillik byudjeti 340 million dollarga teng.

Harbiy xizmatlar o’rtasida hamkorlikni ta’minlab, qayerga qanday zobit jo’natish kerakligini hal qiladi, qo’shma harbiy mashqlarga bosh-qosh bo’lib keladi, jumladan, xorij armiyasi bilan o’tadigan mashqlarga ham. Geyts nazarida bu xizmatlarga ehtiyoj qolmagan, ba’zi ishlarni esa boshqa idoralar ham bajara oladi.

Bundan tashqari Geyts Pentagonda ishlayotgan ofitserlar, noharbiy ishchilar, kontrakt asosida ishlayotgan xodimlar sonini keskin kamaytirish niyatida. Bu qog’ozbozlik, ortiqcha hisobotlardan qutulish uchun zarur, deydi u.

AQSh harbiy byudjeti yarim trillion dollar atrofida va yaqin yillarda bu mablag’ u qadar oshmasligi aytilmoqda. Demak, sarf-xarajatni hozirdan o’ylab qo’yish kerak, deydi vazir.

Robert Geytsning aytishicha, dunyo tobora notinch bo’lib bormoqda, olovli nuqtalar ko’paygan. “Beqaror davlatlar, harbiy salohiyatini charxlayotgan o’lkalar safi ortmoqda – Eron, Shimoliy Koreya va hokazo. Kiberxurujlar, ballistik qurollar, harbiy dengiz kuchlari yil-sayin rivojlanib bormoqda. Bunday xavfli sharoitda keraksiz xarajatdan voz kechib, mablag’ni to’g’ri taqsimlash kerak”, - deydi AQSh mudofaa vaziri.

Geytsning aytishicha, gap Iroq va Afg’onistondagi urushlarda emas. “Bu amaliyotlar uchun pulimiz bor”, - deydi u. “Masala kelgusi sarfiyatda, bo’lajak operatsiyalar uchun qayerdan pul topishda”.