BMT Xavfsizlik Kengashi G’azodagi otishmani darhol bas qilishga chaqirayapti.
Kengash bugun erta tongda maqullagan hujjat ham Isroil, ham HAMASga taalluqli. Unda G’azo sektori ahliga tezkor insonparvarlik yordami eltish uchun sharoit yaratish haqida so’z boradi.
G’azoda esa bugun kasalxona va parkka raketa tushib, 10 odam nobud bo’ldi. HAMAS bunda Isroilni ayblaydi, Isroil esa HAMAS o’zi otgan raketasidan ziyon ko’rdi, deydi.
Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansur rezolyutsiya taraflarni qurolini chetga surishga ko’ndiradi, degan umidda. Lekin u Xavfsizlik Kengashini Isroil agressiyasiga qarshi kuchliroq bayonot bilan chiqmaganlikda ayblab tanqid qilayapti.
“Kengashdan G’azo ahlini himoyaga olishni, bu xalq ahliga quloq tutishni kutgan edik. Bunday adolatsizlikka chidab yashash mumkin emas”, - deydi Riyod Mansur.
Isroilning BMTdagi elchisi Ron Prosor so’zlariga ko’ra, HAMAS Isroilga qarata 2500 dona raketani otgan. Mana shu raketa hujumlari bo’lmaganida Isroil qurolini qo’lga olmas edi, deydi u.
“Mojaroning oldini olishga urindik. Lekin HAMAS hamlalarini bas qilmadi. Isroil besh bora sulh taklif qildi, ammo HAMAS barchasini buzdi”, - deydi Isroil elchisi Ron Prosor.
Amerika rahbari Barak Obama kecha Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan telefonda gaplashib, G’azoda oddiy aholi orasida talofatlar yuzasidan xavotir bildirdi. Shu bilan birga, Obama Isroil xavfsizligini ta’minlash zaruratini tan olmoqda. Oq uy rahbari G’azodagi gumanitar halokatga yechim topishga da’vat etdi.
Isroil va HAMAS o’rtasidagi ixtilof kamida 1100 odamning boshini yedi, aksariyati Falastindagi tinch fuqarolar. Isroil tomonida 43 nafar askar va uch oddiy fuqaro jon bergan.