G'azoda qonli janglar, o'lganlar bor

  • Amerika Ovozi

G'azo

Falastin va Isroil G’azoda mana ikki kundirki o’q almashayapti. Uch kunlik sulh juma kuni tugaboq taraflar yana otishmaga qaytdi. Bir oydan beri tinmayotgan janglarda 1900 dan ziyod falastinlik va isroillik 67 odam halok bo’ldi.

Bugungi otishmada Falastin tomonida yana uch kishi jon bergani aytiladi. HAMAS otayotgan raketalar Isroil janubidagi aholini vahimada ushlab turgan bo’lsa, Isroilning bugungi hujumida G’azoda masjid, qurol-aslaha ombori va HAMASning mashq o’tadigan maskani yo’q qilingan.

HAMAS va Isroil Misr vositachiligida shu hafta Qohirada muzokara qilayotgan edi. HAMAS G’azo blokadasini bas qilib, bandargoh qurishga ijozat berilsin, deydi.

Isroil esa bandargoh qurish talabini eshitmoqchi emas. G’azoga qurol-aslaha erkin uzatib turilishi uchun sharoit yaratish niyatimiz yo’q, deydi Isroil rasmiylari.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu nazarida Isroilning G’azodagi harakatlari asosli. Sektordagi talofatlar, odamlar halok bo’layotgan fojea, biroq tinch aholi qoq markazida turib o’q otayotgan HAMAS bunda o’zini ayblashi kerak, deydi Netanyaxu.

Prezident Barak Obama so’zlariga ko’ra, G’azo o’zini o’zi eplay olmayapti, sektorda iqtisodiy o’sish yo’q, ish o’rinlari yaratilmayapti. G’azo dunyodan uzilib yashashda davom eta olmaydi, deydi Oq uy rahbari.

G'azoni qayta tiklash uchun kamida 6 mlrd. dollar kerak bo'ladi