Isroildan olingan xabarlarga qaraganda, yahudiy davlati Misrda rejalangan muzokaralarda qatnashmaydi. Falastin tomoni Qohiraga delegatsiya jo’natishga tayyor.
Isroil armiyasi G’azo sektoridagi Rafah shahrini qurshab olib, asirga tushgani taxmin qilinayotgan zobitini qidirmoqda. Falastin rasmiylari bergan ma’lumotga ko’ra, bugungi havo hujumlarida 34 kishi halok bo’lgan.
Uch kunlik sulhni buzganlikda tanqid qilinayotgan HAMAS jangari guruhi “leytenant Xadar Goldin qayerda ekanidan xabarimiz yo’q” deb chiqdi.
“Sulh tuzilganidan ikki soat ham o’tmasdan Isroil G’azoni yana o’qqa tutdi, askar hujumda halok bo’lgan”, deydi HAMAS rasmiylari.
Isroil vazirlar mahkamasi harbiy operatsiya yuzasidan kecha uzoq majlis o’tkazgan. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu sulhga vositachilik qilgan barcha tomonlarni, jumladan AQSh, Qatar va Birlashgan Millatlar Tashkilotini keskin tanqid qildi.
Prezident Barak Obama HAMAS rahbariyatini isroillik askarni zudlik bilan shartsiz ozod etishga chaqirmoqda.
“Isroil o’zini raketalardan himoya qilishga haqli, ammo G’azoda oddiy aholi orasida talofatlar oshib borayotgani fojia”, - dedi Obama Oq uydan qilgan bayonotida.
Shunga qaramasdan, Vashington Yaqin Sharqdagi eng yaqin ittifoqchisini qurollantirishda davom etmoqda.
Isroilning raketalarni urib tushiradigan “Temir Gumbaz” deb ataluvchi sistemasini kuchaytirish uchun Kongress kecha yana 225 million dollarlik yordamni tasdiqladi va hujjatni imzo uchun Obamaga yo’lladi.
Uch haftadan beri davom etayotgan urushda 1600 falastinlik halok bo’lgan. Isroil tomonda o’lganlar soni 60 dan oshiq.