14-may kuni Gruziya parlamenti xorijiy agentlar haqidagi qonunni qabul qilib, aholining bir qismini g’azabga soldi. Hujjat hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi tashabbusi bilan ovozga qo’yildi. Yuzlab odam unga qarshi namoyish qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Kelajagimiz uchun kurashamiz. Bu Rossiyaning foydasini ko’zlaydigan qonun, bizning Yevropaga yo’limizni to’sadi”, - deydi namoyishchilardan biri.
Hujjatda Gruziyada pulning 20 foizidan ko’pini xorijdan oladigan har bir tashkilotni “xorijiy ta’sir agenti” deb ro’yxatga olish taklif etiladi.
Hukumat bu tashqi ta’sirning oldini olish uchun muhimligini ta’kidlaydi. Biroq tanqidchilar hukumat Rossiyadan o’rnak olib, so’z erkinligini bo’g’moqchi ekanini bildiradi. Vashington va Bryussel yangi qonun Gruziyaning G’arb bilan aloqalariga ta’sir qilishi haqida ogohlantirmoqda.
Qonun loyihasi qabul qilingunga qadar bir oydan oshiq vaqt davomida namoyishlar tinmadi. Kuzatuvchilarga ko’ra, bir paytlar Sovet Ittifoqi tarkibida bo’lgan Gruziya mustaqil bo’lganidan beri bu kabi katta namoyishlarga guvoh bo’lmagan.
"Agar qonun Yevropa Ittifoqi talablariga moslashtirishmasa, AQSh va boshqa hamkorlarimizga qarshi ritorika davom etaversa, munosabatlarga zarar yetadi”, - deydi AQSh davlat kotibining yordamchisi Jim Obrayen.
So’nggi kunlarda namoyishda qatnashgan bir necha odam hibsga olindi.
"Biz SSSRga qaytishni istamaymiz. Shu sabab yoshu-qari, talabalar ko’chaga chiqdi. Rossiyaga xayrixoh hukumatni istamaymiz”, - deydi bir namoyishchi.
Yillar davomida Tbilisining tashqi siyosatida strategik mavhumlik kuzatildi. Hukumat Yevropaparast aholisining ko’nglini olish uchun G’arb bilan ham, mintaqadagi yirik davlat bo’lgan Rossiya bilan ham hamkorlik qilib keldi.
Qonun kuchga kirishi uchun uni Prezident Salome Zurabishvili imzolashi kerak, biroq AQSh va Yevroparast davlat rahbari unga veto qo’yishini aytgan. Shunday bo’lsa ham hukmron partiya vetoni yengish uchun parlamentda yetarli ovozga ega. Zurabishvili 14 kun ichida bir qarorga kelishi kerak.