Rossiya Gruziyaga qo’shin kiritishdan oldin qo’shnisi bilan iqtisodiy urush ham olib borgan edi. Ikki mamlakat o’rtasida aloqalar iliqlasha boshlagandek, ammo yechimini topayotgan muammolar hanuz ko'p.
Dastlab, Rossiya Gruziya vinosi importiga qo’yilgan yetti yillik taqiqni olib tashladi. Moskvaga yana gruzin vinolari oqib kela boshladi. So’ng Kreml chegarani Gruziya mineral suvlariga ochdi. Rossiyaning yetakchi sanitar-inspektori Gennadiy Onishchenkoga ko’ra, Gruziya vinosi uchun Rossiya eshiklari ochiq.Ammo juma kuni ikki qo’shni o’rtasidagi savdo aloqalari hali-beri to’la tiklanmasligi ma’lum bo’ldi.
Onishchenko Gruziya meva va sabzavotlariga qo’yilgan cheklov olib tashlanmasligini aytdi. Unga ko’ra, Tbilisi aeroporti yaqinida AQSh homiyligida ochilgan “maxfiy” laboratoriya Rossiyaga Afrika cho’chqasi grippining kirib kelishiga sabab bo’lmoqda.
“Amerika ovozi” xodimlari Richard Lugar deya ataluvchi sog’liq tadqiqot markazining laboratoriyasini ko’rishga muvaffaq bo’ldi.
Gruziyaning Kasalliklarni nazorat qilish milliy markazi qoshida ochilgan laboratoriya poliomiyelit, qizamiq va boshqa yuqumli kasalliklarni o’rganadi.
Adam Kotorashvili laboratoriyaning Genom markazini boshqarish uchun AQShdan chaqirildi.
“Bu qurilma Gruziya va butun mintaqa uchun yangi. Ilgari biror narsani tahlil qilish uchun namunalarni AQSh yoki G’arbiy Yevropaga yuborish kerak bo’lardi. Hozir bunga hojat yo’q. DNK larni olib kelsangiz, ularni shu yerda tahlil qilishimiz mumkin”, - deydi laboratoriya xodimi.
Markaz rahbari Amiran Gamkrelidze Kreml ayblovlarini rad etadi.
“Bu yerda hech qanaqa maxfiy narsalar yo’q. Biz biologik qurollarga oid ish qilmaymiz”, - deydi u.
80-yillar Moskvada o’qigan Gamkrelidze shubhalarni bartaraf etish uchun Rossiya bosh sanitar-nazoratchisini Tbilisiga taklif etdi.
Zero, savdo urushi ortida ilm-fan emas, siyosat turgani aniq.
Ikki oydan keyin gruziyaliklar yangi prezidentni saylaydi. 10 yildan beri hokimiyat boshida turgan Mixail Saakashvili ikkinchi muddatini tamomlayotgani bois endi saylovlarda qatnasha olmaydi.
Kremlning strategiyasini moskvalik tahlilchi Kris Vifer shunday tushuntiradi.
“Moskvaning niyati oydek ravshan. Agar Rossiya bilan do’stona munosabatga moyil boshqa prezident saylansa, iqtisodiy muammolar o’z-o’zidan hal bo’ladi. Ammo yana Rossiyaning jig’iga tegadigan birisi kelsa, iqtisodiy aloqalar yomonlashishi turgan gap”, - deydi u.
Ayni paytda 2006-yilda Gruziya meva-sabzavotlariga taqiq qo’ygan Rossiya Oziq-ovqat xavfsizligi boshqarmasi avgust oyida Gruziyaga nazoratchilarini qayta jo’natdi. Bu o’zaro savdo aloqalariga ijobiy o’zgarish olib kelsa ajab emas.