AQSh va Gruziya rahbarlari NATOga a’zolik, erkin savdo haqida gaplashdi

  • Amerika Ovozi

Hong Kong pro-democracy groups stage a large scale protest parade on June 30, 2012 while Chinese president Hu Jintao was in Hong Kong for a 3 day visit. (All images by Iris Tong for VOA)

AQSh rahbari Barak Obama kecha Vashingtonda Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili bilan uchrashib, bu yosh mustaqil davlatda demokratiya va siyosiy islohotlar haqida gaplashdi.

Tomonlar xavfsizlik bo’yicha hamkorlik va Gruziyaning NATOga kirish rejasini ham muhokama qilgan.

AQSh bilan mudofaa va xavfsizlik bobida rishtani mustahkamlab kelayotgan Mixail Saakashvili Barak Obama bilan birinchi bor ko’rishmoqda.

Gruziya rahbari korrupsiyaga qarshi kampaniya va qator boshqa reformalari bilan tanilgan.

Shu kunlarda Gruziya mustaqil bo’lib, Amerika bilan diplomatik aloqa o’rnatganiga 20 yil to’lmoqda.

Prezident Obama 2003-yilda Gruziyada yuz bergan “atirgul inqilobi”ni esladi. Qo’zg’olon natijasida yangi saylovlar o’tib, Mixail Saakashvili hokimiyat tepasiga kelgan edi.

Barak Obama bu davlatdagi siyosiy-ijtimoiy jarayonlarni olqishlab, Gruziya xalqi faxrlansa arziydi, dedi.

“Barcha elatlarni teng ko’rib, huquq-tartibot va adliya tizimlarida qonun ustuvorligini ta’minlash muhim. Bugungi islohotlar kelgusi avlodlar hayotida ham burilish yasashi aniq”, - dedi Amerika rahbari.

Obama Gruziyada joriy yilga belgilangan parlament saylovlari erkin va xolis o’tib, boshqaruv tinch yo’l bilan qonuniy egasiga o’tadi, degan umidda.

Prezident Saakashvili nazarida respublikadagi o’zgarishlarning AQSh madadisiz amalga oshishi qiyin edi. Oktabrga rejalangan saylovlar esa demokratiya sari, ko’p partiyaviy, ko’p millatli sistema sari muhim qadam bo’ladi, dedi u.

“Gruziya har jabhada Amerika bilan hamkorlikni davom ettiradi. Toki hech narsa bizni taraqqiyot yo’lidan qaytara olmasin. Poraxo’r, yulg’ich jamiyatga qaytish yo’q”, - dedi Saakashvili.

Tomonlar Rossiya va Gruziya orasidagi sovuqlik haqida to’xtalmagan. Ikki mamlakat salkam to’rt yil oldin Janubiy Osetiya ustida besh kun urush qilgan edi.

2008-yil sentabrida rasmiy Tbilisi Kreml bilan diplomatik rishtani uzgan. Ayrim muzokaralarni hisobga olmaganda munosabatlar hamon tarang. Qo’shma Shtatlar Janubiy Osetiya va Abxaziyani Gruziyaning hududi deb biladi va tomonlarni tinch muloqotga undab keladi.

Rossiyani tilga olmagan holda Mixail Saakashvili mudofaa tizimini mustahkamlash haqida gapirdi.

“Amerika va Gruziya bir-birini yaxshi tushunadi. NATOga a’zolik niyatimizni ham Vashington qo’llab-quvvatlab kelmoqda. AQSh bilan mudofaa bobida hamkorlik tobora kengayib borayotgani, Gruziya o’zini mudofaa qila olishi haqida muzokaralar ketayotganidan xursandmiz”, - dedi Saakashvili.

Barak Obama o’z navbatida Gruziyaning Afg’onistonda xalqaro koalitsiyadagi ishtirokini olqishladi. AQSh prezidenti Gruziya bilan erkin savdo bitimi tuzilishi ehtimoldan xoli emas, dedi. Saakashvili fikricha, bu taklif Gruziya uchun nihoyatda muhim.