Bugun AQShning Jorjiya shtatida Senatga saylovning ikkinchi bosqichi o’tmoqda. Ikki respublikachi nomzod ikki demokratga qarshi. G’oliblar deyarli teng bo’lingan Senatda kuchlar nisbatiga ta’sir qiladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Prezident Donald Tramp respublikachi saylovchilarni faol bo’lishga chaqirdi.
“Ovozlar o’g’irlanishi mumkinligidan xavotirlanib saylovga chiqdim”, - deydi Lamar Kats ismli Tramp tarafdorlaridan biri.
Ayrim jorjiyaliklar nazarida, respublikachi nomzodlarning g’alabasi saylov shaffofligiga doir shubhalarni yo’qqa chiqarishi mumkin.
“Demokratlar Vakillar palatasini ham, Senatni ham o’z qo’liga olishi mumkin. Shunda soliq to’lovchi ustidan mutlaq hokimiyatga ega bo’lishadi. Soliqlarimizni oshirishadi. So’ng qurollarimizni olib qo’yishadi. Oxiri yaxshi bo’lishiga ko’zim yetmaydi”, - deydi Mark Xays ismli yana bir respublikachi saylovchi.
Prezident saylovida g’alaba qozongan Jo Bayden Jorjiya shtatida Trampga qaraganda 12 mingdan ko’p ovoz to’plagan. Asosan respublikachi qarashlardan demokrat qarashlarga o’tgan saylovchilar ovozlari hisobiga.
Odatda respublikachi nomzodlarga ovoz beruvchu bu shtatda bugun demokratlar g’alaba qozonsa, ular demokrat vitse-prezident hisobiga Senatda ham ustunlikni qo’lga kiritadi.
Bayden partiyasi ko’ngillilarni ishga solib, yoshlar va turli irq vakillari orasida keng tashviqot olib bordi.
“Ikki yil oldin siyosatga qiziqmasdim, ammo Tramp ishlaridan so’ng, mamlakatni qay ahvolga solganini ko’rganimdan keyin faol bo’lishga majbur bo’ldim. Boshqalar ham saylovda faol bo’ladi degan umiddaman”, - deydi Shon Uotkins ismli ko’ngillilardan biri.
Yana bir demokrat saylovchiga ko’ra, respublikachilar so’nggi yillarda Jorjiyadagi demografik o’zgarishlarni hisobga olmayapti.
“Doim respublikachilarga ovoz bergan Jorjiya saylovida o’zgarish bo’lgani uchun Tramp mag’lubiyatini darrov ovozlar soxtalashtirilishiga yo’yishdi. Ammo o’zgarish ehtimoli hamisha mavjud. Hozirgisi haqiqiy deb o’ylayman”, - deydi yana bir demokrat saylovchi Kira Alleyn.
Saylov bugun o’tayotgan bo’lsa-da, 3 million jorjiyalik erta ovoz berib bo’lgan. Agar har ikki demokrat nomzod bugun g’alaba qozonsa, Senat 50 ga 50 bo’linadi, biroq mamlakat vitse-prezidenti Senat raisi bo’lgani uchun qonun loyihalari bo’yicha ovozlar bo’lingan taqdirda u hal qiluvchi ovozga ega bo’ladi. Kamala Harris demokrat bo’lib, bunday vaziyatda partiyadoshlarini qo’llab-quvvatlashi kutilmoqda.
“Prezident saylovida ovozlar soxtalashtirilgan bo’lsa, bizda ham shunday bo’lish ehtimoli bor”, - deydi Marlena Xarper ismli Tramp tarafdori.