Ukrainaga tank yuborishga ikkilanib turgan Germaniya hukumati Ukrainaning bugun 45 yoshga to'lgan Prezidenti Vladimir Zelenskiyning tug’ilgan kunida unga sovg’a sifatida “Leopard-2” tanklarini berishi haqida e’lon qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Berlin hozircha Kiyevga tanklarning 14 tasini yo’llamoqchi. Germaniyaning bu qarori Yevropadagi boshqa mamlakatlarni ham o’zlaridagi nemis tanklarini Ukrainaga uzatishga rag’batlantirishi kutilmoqda. Xususan Polsha, Finlyandiya va yana bir necha mamlakat o’zlaridagi “Leopard” tanklari bilan baham ko’rishishga tayyor ekanini bildirgan.
Zelenskiy ittifoqchi davlatlardan bir necha oydan beri og’ir texnika so’rab kelgan edi. Britaniya birinchilardan “Chellenjer-2” tanklarini berishga rozi bo’ldi. Bugun AQSh ham “Abrams” tanklarini Ukrainaga yuborishi haqida ma'lum qildi.
Germaniya Kansleri Olaf Sholsning xavotir olishicha, Ukraina jang maydonida G’arb tanklarining paydo bo’lishi mojaroning kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Rossiya nemis tanklarining Ikkinchi jahon urushidan beri sobiq sovet hududiga qayta qadam qo’yishida ramziy ma’no ko’ryapti.
Germaniya ukrain tankchilarini o’z hududida tayyorlashi haqida ham ma’lum qildi.
“Mamlakatimizda bu qarordan va uzatilayotgan qurol ko’lamidan xavotirlanayotgan ko’plab odam bor. Ularga gapim shuki, menga va german hukumatiga ishoning. Biz bu harakatlarimizni xalqaro darajada muvofiqlashtiryapmiz. Ukrainaga yordamimizni mamlakatimizning xato yo’lga kirib ketishi xavfisiz ko’rsatishda davom etamiz”, - dedi Shols.
Zelenskiy Berlin qarorini olqishladi. Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak esa britan va nemis tanklari Ukraina mudofaasini kuchaytirishiga umid bildirdi.
Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistoriusning aytishicha, Berlin Kiyevga tank bersa-da, mojaroga sherik bo’lishni istamaydi.
"Buni to’g’ri va tarixiy qaror deb bilaman. Shu bilan birga, bu bizga quvonch bag’ishlaydigan voqea emas. Birinchi bosqichda bitta batalyon tashkil etiladi. Ikkinchi jarayon ko’proq vaqt oladi va ikkinchi batalyon tuziladi. Bugun Polsha, ertaga esa Kanada, Ispaniya, Portugaliya va yana bir necha mamlakat vazirlari bilan shu haqda gaplashaman. O’q-dori, texnik xizmat va tayyorgarlikni o’z zimmamizga olamiz”, - dedi u.
Berlindagi hukumatning bu qarori aholi tomonidan turlicha izohlanmoqda.
"Ukraina va uning xalqiga yordam berishimiz kerak. Yordam beryapmiz ham. Biroq Germaniya cheksiz urushda qatnashmasligi kerak”, - deydi fuqarolardan biri.
"Ruslarning Ukrainadagi harakatlarini yoqlamayman. Ammo Ukrainaga qancha ko’p qurol yuborilsa, qurbonlar va yaradorlar soni shuncha ko’payadi. Urush qayergacha borishi aniq emas”, - deydi yana bir germaniyalik.
"Urushni avj oldiradi bu. Qurollar tinchlikka yetaklamaydi, urushga olib keladi. Agar biz bu ishda qatnashayotgan bo’lsak, ayb bizda. Uchinchi jahon urushiga yaqinlashyapmiz”, - deydi boshqasi.
AQSh Prezidenti Jo Bayden bugun Qo'shma Shtatlar ham Ukrainaga tank yuborishi haqida bayonot berdi. Unga ko'ra, bir necha oy ichida Ukrainaga umumiy qiymati 400 million dollarga teng 31 ta “Abrams” tanklari yuboriladi.
Ayrim mutaxassislar fikricha, “Abrams” tanklariga texnik xizmat ko’rsatish, ukrainaliklarni ular bilan ishlashga o’rgatish oson emas. Bundan tashqari, bu tanklar reaktiv yoqilg’ida yuradi, bu esa urushning bu bosqichida muammolar tug’dirishi aytilmoqda.
Kreml matbuot kotibi AQShning Ukrainaga tank uzatish rejasini “serxarajat ahmoqlik” deb atab, jang maydonida ular yo’q qilinishini aytdi.
Dmitriy Peskov bunday tashabbus ehtimolini pulni sovurishga qiyosladi.
"Ishonchim komilki, ko’plab mutaxassislar bu g’oyaning bema’ni ekanini tushunadi. Texnologik nuqtai nazardan bu muvaffaqiyatsizlikka yetaklovchi rejadir. Bu tanklar ham boshqa tanklar kabi yonadi”, - dedi u.