Germaniya prezidenti Yaqin Sharqda tinchlikka chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Germaniya Prezidenti Frank Volter Shtaynmayer Yaqin Sharqda yahudiy va musulmonlarni tinchlik, murosaga chaqirmoqda.

Germaniya Prezidenti Frank Volter Shtaynmayer Yaqin Sharqda yahudiy va musulmonlarni tinchlik, murosaga chaqirdi. Fevralda prezident etib saylangan Shtaynmayer chet davlatlar bo’ylab ilk bor safarda. Uning safari G’azoda Hamas yangi rahbar saylagan bir paytga to’g’ri keldi.

Germaniya prezidenti Isroildagi yahudiy-arab ta’lim dargohida talabalar bilan savol-javob qilar ekan, tinchlik uchun zamin hozirlashga undadi.

“Yahudiy va arablar bir jamoa bo’lib yashay olishini, murosa qila olishini namoyish qilishimiz kerak. Kelajakimiz mushtarak, hayotimiz mushtarak ekanini bilamiz”, - deydi u.

Yaqin Sharqda G’arb vositachiligida mana bir necha o’n yildirki, muzokaralar davom etayapti. Ammo Falastin va Isroildagi siyosatdonlarni hali ko’ndira olishgani yo’q.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu aprel oyida Germaniya tashqi ishlar vazirini qabul qilishdan bosh tortgan edi. Vazir Isroil hukumatiga nisbatan tanqidiy qarashdagi sobiq askarlar bilan ko’rishgani Netanyaxuga yoqmagan. Bu sobiq askarlar Falastin hududlari okkupatsiyasiga qarshi.

“Yahudiylar bu muqaddas manzilda yashashga haqli. Ammo men qo’shnim falastinliklarning haqqini yeyish orqali tirikchilik qilishga qat’iyan qarshiman. O’zim uchun nimani ravo ko’rsam, ularga ham shuni ravo ko’raman”.

Falastinliklar Isroil qamoqlarida qolayotgan vatandoshlari ozod qilinishini talab qilib keladi. Isroil ko’nmayapti.

Isroil bu odamlarning aksariyati terrorchilar va ozod qilinishi mumkin emas, deya javob qiladi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharqda tinchlik muzokaralarini ustuvor vazifalardan deya belgiladi. U Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan, Isroil Bosh vaziri Netanyaxu bilan Vashingtonda uchrashdi. Kelasi oy Isroilga bormoqchi.