G’arb davlatlari Rossiyani ko’zga ko’ringan muxolifatchi Aleksey Navalniyni kimyoviy modda bilan zaharlaganlikda ayblar ekan, Germaniya Rossiya bilan amalga oshirilayotgan yirik gaz quvuri loyihasini to’xtatib qo’yishi mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5
Germaniya kansleri idorasi vakillarining bildirishicha, Angela Merkel hozir shu haqda o’ylanmoqda.
“Shimoliy oqim-2” quvuri bo’yicha Rossiya gazi Germaniyaga yetkazilishi rejalangan. Germaniyadagi ayrim siyosatchilar, Sharqiy Yevropa mamlakatlari va Qo’shma Shtatlar loyihaga qarshi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi bo’lgan Navalniy Sibirga safari chog’ida samolyotda hushidan ketdi. Ikki kundan so’ng uni muolaja uchun Germaniyaga yetkazishgan. Bu mamlakat vakillariga ko’ra, koma holatidagi faol asab agenti bilan zaharlangan. Rossiya ayblovlarni inkor etarkan, Germaniyadan dalil talab qilmoqda.
Rossiya qonunchilariga ko’ra, agar Navalniy haqiqatan zaharlangan bo’lsa, bu ishga quvur loyihasiga qarshi tomonlardan biri qo’l urgan. “Navalniy quvurdan muhim emas” deydi ular.
Merkel bungacha ikkita narsani bir-biriga bog’lash noto’g’ri deya, Navalniyning zaharlanishi quvur loyihasiga ta’sir qilmaydi, degan edi. Agar kansler loyihadan chiqishga qaror qilsa, Germaniya katta miqdorda jarima to’lashiga to’g’ri keladi.
Ayni paytda Berlin Moskvadan ayblov bo’yicha rasmiy javob kutmoqda.
Navalniy keskin betoblanishiga qaramay, Rossiyada bu holat yuzasidan jinoiy ish qo’zg’atilmadi. Kremlning bildirishicha, rossiyalik shifokorlar Navalniy organizmida zahar alomatlarini topmagan, demak jinoiy ish ochishga asos ham yo’q.