Merkel: Muhojirlar bilan bog'liq inqirozni yengishimizga ishonaman

Germaniya kansleri Angela Merkel

Germaniya kansleri Angela Merkel parlamentdagi so'nggi chiqishida hukumat va jamoatchilik muhojirlar bilan bog'liq inqirozni yengishiga ishonishini aytgan. Merkelga ko'ra, nemis xalqi insonlar fojeasiga befarq emasligini ko'rsatgani uchun hozir chorasizlik girdobida qolgan minglab odamlar Germaniyaga umid bilan qarashmoqda.

Xabarlarga ko'ra Germaniya 800 mingga yaqin muhojirlarni qabul qilishga hozirlanmoqda, hukumat buning uchun 6 millard yevro ajratgan. Mamlakatda muhojirlar oqimi keskin oshishi turli munozaralarga, xavotirlarga ham sabab bo'moqda.

Germaniya rahbariga ko'ra, endilikda asosiy e'tibor muhojirlarning integratsiyasiga qaratiladi, buning uchun barsha sharoit yaratiladi, mamlakatda irqchilik, toqatsizlikka yo'l qo'yilmaydi, bunday chiqishlar internet doirasida ham qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.

Germaniyaga faqat iqtisodiy sabablar bois ish izlab kelgan muhojirlarni vataniga qaytarish jarayoni tezlashishini aytgan Merkel urush sabab qabul qilinayotgan muhojirlar integratsiyasi asosiy o'ringa chiqishi, ular mamlakat qonunchiligi, an'analarini hurmat qilishlari lozimligini ta'kidlab o'tdi.

Germaniya pozitsiyasi Yevropa Ittifoqining aksariyat davlatlari tomonidan quvvatlanayotgani kuzatilmaydi.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Jan Klod Yunker ittifoq a'zolarini bu borada birdamlikka chaqirmoqda.

Yevropa xalqlari ham o'z vaqtida muhojirlik mashaqqatini boshdan kechirganini eslatar ekan, u yaqin oyda yana 120 ming qochqin kutilayotgani, ularni qabul qilishda Yevropaning barcha a'zolari faol bo'lishiga umid bildirdi.

Yevropaning ayrim davlatlari muhojirlar inqirozidan chetda turishni ma'qul ko'rishayotgan bo'lsa, ayrim davlatlar munosabatida qochqinlar musulmon bo'lgani uchun boshpana berishni istamaslik kuzatiladi.

Muhojirlar, asosan, Germaniyaga intilayotganini aytgan Vengriya bosh vaziri Viktor Urban esa bu inqiroz ko'proq Germaniyaning muammosi ekanini ta'kidladi.

Germaniya minglab muhojirlarni qabul qilayotgani mamlakat iqtisodida ish kuchiga talab o'sayotgani, demografik vaziyat keskinlashishi bilan ham bog'liq ko'riladi.

Mutaxasisslarga ko'ra, yiriklashib borayotgan Germaniya iqtisodi yiliga yuz minglab qo'shimcha ish kuchiga ehtiyoj sezmoqda. Nafaqa yoshidagi aholi soni esa yaqin yillarda keskin oshadi.