Germaniya Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarni ogohlantirishicha, Turkiyaga bormoqchi bo’lgan sayyohlarni oromgohlarda aybsiz hibsga olishlari mumkin. Ayni damda bir necha germaniyalik qamoqda. Berlin nazarida, ular siyosiy sabablarga ko’ra ushlangan.
Germaniyaning “Di Velt” (Die Welt) kundalik gazetasining turk millatiga mansub jurnalisti Deniz Yujelning ayblovsiz ushlab turilganiga 200 kundan oshdi.
O’tgan hafta esa Antaliya aeroportida Germaniyaning yana ikki fuqarosi hibsga olindi. Shundan keyin Tashqi ishlar vazirligi sayyohlarni ogohlantirib bayonot chiqardi. Turkiyaga bormoqchi bo’lganlarning sayyohlik sug’urtasi endi qimmatlashi kutilmoqda.
"Sayyohlarga u yoki bu joyga bormang deb aytolmaymiz, ammo ularning boshiga nima tushishi mumkinligi haqida boxabar qilish vazifamiz”, - deydi vazir Zigmar Gabriyel.
Germaniya kansleri Angela Merkel 24-sentabrga rejalangan saylovlarda g’alaba qozonib, bu lavozimga qayta saylansa, oktabr oyida bo’ladigan majlisda Yevropa Ittifoqi rahbarlaridan Turkiya bilan tashkilotga a’zolik haqidagi muzokaralarni to’xtatishni so’rashini ma’lum qildi.
U Prezident Rajab Toyib Erdog’an hukumatini qonun ustuvorligidan chekinayotganlikda aybladi.
“Turkiyani Yevropa Ittifoqiga qabul qilib bo’lmaydi”, - dedi Merkel.
Turkiya rasmiylari kanslerning bu gapini qoraladi.
Erdog’anning matbuot kotibi Ibrohim Qalinning aytishicha, Merkel saylov oldidan nemis jamoatchiligi diqqatini Germaniyadagi kamsitish va irqchilik holatlaridan chalg’itmoqchi.
Turk gazetasi jurnalisti Jemil Ertemning yozishicha esa, nemis tadbirkorlari hukumatining fashistcha ohangiga quloq solmay, Turkiyaga sarmoya kiritishda davom etmoqda.
“Turkiya asossiz hujumlarga e’tibor bermay, Germaniya xalqi va tadbirkorlari bilan hamkorlik qilishdan to’xtamaydi; natsistlar zamoniga xos siyosatni qoralaydi”, deb yozadi Ertem.
Ikki davlat munosabatlari so’nggi ikki yildan beri pastga qarab ketmoqda. Yevropada qochqinlar muammosi, Suriya urushi, Erdog’anga qarshi harbiy to’ntarishga harakatga turlicha yondashuv aloqalarni ziddiyatlashtirdi.
Erdog’an Germaniya rahbarlarini Turkiya dushmanlari deb atab, Germaniyada yashovchi turklarni 24-sentabr saylovlarini boykot qilishga chaqirgani nemis rasmiylarining g’azabini keltirdi.
“Turkiyada konstitutsion referendumdan oldin turk siyosatchilariga Germaniyada namoyish qilishga ruxsat berilmaganidan so’ng aloqalar keskin sovuqlashdi”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Gonul Tol.
Erdog’anning Germaniyada yashovchi uch milliondan ziyod turklar hisobiga bu mamlakat ichki siyosatiga aralashayotgani nemis siyosatchilarini xavotirga solmoqda.
“Germaniya turk muhojirlarini nemis jamiyatining bir qismiga aylantirmoqchi. Aksariyati Turkiyani ona vatani deb biladi va parallel jamiyatlarda yashaydi. Ular Turkiya televideniyesini tomosha qiladi, oilada turkcha so’zlashadi, nemislar bilan ko’p muloqot qilmaydi”, - deydi Gonul Tol.
Erdog’an sobiq vatandoshlarini Germaniya hukumatining ularni o’z jamiyatiga qorishtirish harakatiga qarshi turishga chaqirdi.
Turk razvedkasining Germaniyadagi faoliyati ikki mamlakat aloqalarining yomonlashuviga yanada hissa qo’shishi mumkin. O’tgan payshanba Gamburgda josuslik haqida sud jarayoni ochildi. Prokurorga ko’ra, turk razvedkasining xodimi Germaniyada ko’zga ko’ringan kurdlar faoliyatini kuzatish, kurd siyosatchisi Yuksel Kochni topib, uni o’ldirish buyrug’ini Anqaradan olgan.
Mehmet Fotih ismli 32 yoshli josus besh yilga qamalishi mumkin. Turkiya rasmiylari da’volarning barchasi yolg’on demoqda.
Berlinning da’vo qilishicha, Turkiya hukumati germaniyalik turk imomlari yordamida Fathulla Gulen tarafdorlarini kuzatishni buyurgan. AQShda yashovchi sobiq imom va tadbirkor Anqara tomonidan 2016-yil iyulida amalga oshmay qolgan davlat to’ntarishi ortida turganlikda ayblanmoqda. Mart oyida yuz bergan bu hol ham aloqalarning taranglashishiga sabab bo’ldi.
Germaniya Tashqi ishlar vaziri Zigmar Gabriyel Turkiya puli hisobiga mamlakatda faoliyat yuritayotgan masjidlarni Erdog’anning siyosiy qo’g’irchog’i deb atab, ular Germaniya jamiyatini bo’lish bilan shug’ullanayotganini aytdi.