Merkel: Ukraina diktatura bobida Belarusdan qolishmaydi

  • Amerika Ovozi

Germaniya kansleri Angela Merkelning ta’kidlashicha, Ukraina xalqi qo’shni Belarus kabi diktatura va repressiya ostida hayot kechirmoqda.

“Muammolar qanchalik chigal va siyosiy kelishmovchiliklar qanchalik o’tkir bo’lmasin, Yevropa Ittifoqi va Shimoliy Atlantika bloki so’nggi yarim asr mobaynida asrab-avaylab kelayotgan ne’matlarni unutmasligimiz kerak. Tinchlik, erkinlik, demokratiya, inson huquqlari, qonun ustuvorligi va inson qadr-qimmati”, - deydi Angela Merkel parlamentdagi nutqida.

“Bugun butun Yevropa bu ne’matlardan bahramand deya olmaymiz, chunki Ukraina va Belarus diktatura changalida”.

Timoshenko qamoqda

Gap bu yerda Ukraina muxolifati yetakchisi, qalloblikda ayblanib qamoqqa tashlangan sobiq bosh vazira Yuliya Timoshenko taqdiri haqida ketmoqda. Unga tibbiy muolajadan o’tishga ruxsat bering, deya Germaniya prezident Viktor Yanukovichga murojaat qilgan.

Turmada tahqirlangani va bel og’irig’idan shikoyat qilgan Yuliya Timoshenko uch hafta ochlik e’lon qilgan edi. Yaqinda kasalxonaga ko’chirildi. Hukumat unga Germaniyaga borib davolanishga ruxsat bermayapti.

Timoshenko bosh vazirlik davrida Rossiya bilan gaz importi bo’yicha kelishuv imzolab, lavozimini suiiste’mol qilganlikda ayblanib, yetti yilga qamalgan. Uning o’zi ayblovni rad etadi. G’arb davlatlari nazarida jinoiy ish ortida siyosiy sabablar bor.

Timoshenkoga nisbatan munosabat o’zgarmas ekan, Yevropaning ayrim davlatlari Ukrainada o’tishi rejalangan futbol bo’yicha Yevropa chempionatini boykot qilishi mumkin.

Kiyev

Bugun Yaltada Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlari sammiti boshlanishi kutilgan edi. O’ndan ziyod davlat, jumladan, Germaniya va Chexiya prezidentlari unda qatnashishdan bosh tortgach, yig’in bekor qilingan.

Ayni patda Yuliya Timoshenko soliqdan qochganlikda ham ayblanayotgani uning jazo muddatini 12 yilga cho’zishi mumkin. Prezident Yanukovich siyosiy raqibidan qutulish uchun menga qarshi katta kampaniya boshlagan, deydi sobiq bosh vazir.