Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani hamda AQSh rahbari Barak Obama bugun Oq uyda o'zaro muzokara olib bormoqda. Uchrashuvda AQSh-Afg'oniston aloqalari hamda Amerika askarlarining bu mamlakatda qolishi istiqboli muhokama qilinmoqda.
Kecha G'ani va Bosh vazir Abdulla Abdulla AQSh rasmiylari, jumladan, Davlat kotibi Jon Kerri bilan uchrashgan edi. Muloqotlarda o'zaro aloqalarni yaxshilash mavzusiga urg'u berilgan.
O'tgan yil oxirida xalqaro kuchlar Afg'onistonni tark etgandan so'ng mamlakatda, asosan, maslahatchilik vazifasini bajarish uchun 9800 AQSh askari qoldirilgan. Prezident Obama shu yil oxirigacha ular sonini 5500 ga tushirishni rejalamoqda.
Afg'oniston rahbarlari Obama ma'muriyatidan AQSh askarlarini olib chiqish jarayonini sekinlashtirishni so'ramoqda.
"So'nggi paytlarda terror guruhlari Afg'onistonga e'tiborni oshirmoqda. Bizning tarixiy "Xuroson" nomimiz "Islomiy davlat" jangarilari uchun muhim va ramziy ahamiyatga ega. Ularga ko'ra, Dajjol Xurosondan chiqadi va Suriyada ular bilan jang qiladi. Shu kabi xavflarni hisobga olib, AQSh askarlarining mamlakatda uzoqroq qolishi maqsadga muvofiq, degan qarorga keldik", - deydi Afg'oniston prezidenti.
Dushanba kuni Kemp Deyvidda o'tgan muzokarada 2017-yilgacha Afg'oniston xavfsizlik kuchlari sonini hozirgi 352 ming kishilik darajada qoldirishga kelishilgan. Shuningdek, tomonlar taraqqiyot va dasturiy islohotlarni amalga oshirish uchun 800 million dollarlik reja ishlab chiqqan.