Terrorizmga qarshi kurashda eng jiddiy muammo - yakka jangarilar

  • Amerika Ovozi

"Terrorizmning qiyin tarafi shundaki, unga qarshi kurash qachon tugashini bilmaysiz. Bo’ldi, yutdik, deyish qiyin".

AQShda so’nggi otishma natijasida ayon bo’lishicha, barcha mavjud vosita va resurslarga qaramay, alohida hujumlarning oldini olish nihoyatda murakkab vazifa bo'lib qolmoqda.

Orlandodagi hujumni uyushtirgan shaxs “Islomiy davlat”ga bevosita aloqasi bo’lgani isbotlanmadi. Federal qidiruv byurosi rahbari Jeyms Komi Umar Matin internet orqali radikallashgan bo’lishi mumkin, dedi.

Brukings institutidan tahlilchi Erik Rosandning aytishicha, so’nggi otishma ko’plab yosh musulmonlar “Islomiy davlat”ga aloqasi bo’lmasa-da, terrorchilar mafkurasini qanday idrok etishini namoyish etadi.

“Har bir mamlakat bunday muammoga qarshi bir o’zi kurashishga majbur. Jamiyatlarda o’zini yo’qotgan, o’zligini anglamagan, yakkalanib qolgandek sezadigan odamlar bor. Ularning radikal g’oyalarga berilishining oldini olish mexanizmi yo’q. Buning uchun kerakli resurslar ham yo’q”, - deydi u.

AQSh Davlat departamenti hisobotiga ko’ra, o’tgan yilda terror xurujlari 13 foizga kamaygan, talafotlar esa 14 foizga.

Merilend universitetidan terrorizm bo’yicha mutaxassis, hisobot mualliflaridan biri Emi Peyt terrorizm ko’lami kamayayotganini aytadi, biroq uni batamom yo’q qilishning imkoni yo’q, deydi.

“Terrorchilar odamlarni o’ldirmaslikka harakat qilgan davr bo’lgan. Ular e’tiborni o’ziga tortishga urinar ekan, talafotlardan qochgan. Masalan, Yevropada ilgari faol bo’lgan IRA va ETA kabi guruhlarni nazarda tutyapman”, - deydi mutaxassis.

Qariyb ikki yil avval AQSh Prezidenti Barak Obama “Islomiy davlat” to’dasini yo’q qilsih maqsadini oldiga qo’ydi va buning uchun xalqaro koalitsiya tuzdi. O’shandan buyon Iroq va Suriyada terrorchilar nazoratida bo’lgan yerlar qayta tortib olindi, ammo ularning ta’siri va qudrati kattaligicha qolmoqda.

“Rend” korporatsiyasi tahlilchisi Rebekka Zimmerman hududlarni yo’qotganiga qaramay “Islomiy davlat” hanuz yirik tahdiddir, deydi.

“Terrorizmning qiyin tarafi shundaki, unga qarshi kurash qachon tugashini bilmaysiz. Bo’ldi, yutdik, deyish qiyin. Shu bois men Suriya va Iroqda “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda katta yutuqlarga erishish mumkin, deb hisoblayman, ammo global terrorizmni yo’q qildik, “Islomiy davlat” ustidan g’alaba qozondik, deyolmayman”, - deydi Zimmerman.

Rosand esa hukumatlarning terrorchilarga qarshi kurashiga e’tibor qaratadi. Odatda hukumatlar terrorchilarni o’ldirish, hibsga olish, qamash kabi uslublarni qo'llaydi. Biroq Iroq va Suriyadagi janglar tugaganida minglab jangarilar vataniga qaytadi va hukumatlar ularni qabul qilishga tayyor bo’lishi kerak, deydi mutaxassis.

Gollandiya va Daniyada to’g’ri yo’lga qaytganlarning jamiyatga kirishib ketishini ko’zda tutadigan dasturlar mavjud. Britaniya esa Iroq va Suriyadan qaytayotgan yuzlab odamlarni qamash bilan band, deya misol keltiradi Rosand.