"Gremmi" taqdimoti ham siyosatsiz o'tmadi

  • Amerika Ovozi

Amerika kinosida eng nufuzli mukofot “Oskar” bo’lsa, musiqa olamida eng oliysi “Gremmi” mukolfotidir. Bu yilgi sovrindorlar kimlar?

Bruno Mars bir necha kategoriyalar bo’yicha g’olib chiqdi. Oldin ham bu mukofotga sazovor bo’lgan. Bu gal u “Oltin davr ajoyibotlari” ("24K Magic") albomi uchun yutdi.

“Albom faqat va faqat sevgi-muhabbatni tarannum etadi. Bu qo’shiqlarni yaratish menga zavq bergan. Tinglovchilar ham shunday kayfiyatda bo’lsin. Raqsga tushsin, o’ynab-kulsin. Maqsadim muhlislarimga quvonch ulashish”, - deydi Bruno Mars.

Bruno Mars "Gremmi" mukofoti taqdimotida. 28-yanvar, 2018-yil.

Bruno Mars “R-and-B” janrida ham g’olib bo’ldi. Blyuz va jazz asosida shakllangan bu yo’nalish blyuz va ritm qorishmasidir. Ijodkor bu janrda birvarakayiga uch kategoriya bo’yicha taqdirlandi. Yilning eng yaxshi albomi, eng yaxshi ijrochi, eng yaxshi qo’shiq nominatsiyalari uniki.

Yilning eng yaxshi yangi san’atkori deb 21 yoshli Alessiya Kara topildi. Yilning eng yaxshi rep ijrochisi unvoniga Kendrik Lamar erishdi.

Kendrik Lamar "Gremmi" mukofoti taqdimotidagi ijrosi. 28-yanvar, 2018-yil.

“Gremmi” mukofotining 60-taqdimotida siyosiy mavzular ham ko’tarildi. So’zga chiqqanlar san’at olamidagi jinsiy tengsizlik va jinsiy tajovuz singari hollarga to’xtaldi.

“Tinchgina kelib ishlasak, ijod qilsak deymiz. Og’zimizni yopmoqchi bo’lganlarga gapim shuku, ayollarni kamsitadigan darvlar o’tib ketdi!”, - deydi san’atkor Janel Mone.

Janel Mone "Gremmi" mukofoti taqdimotida. 28-yanvar, 2018-yil.

Kutilmaganda sobiq davlat kotibi Xillari Klinton ayni damda mashhur bo’lgan Maykl Volfning “Olov va g’azab”(“Fure and Fury”) kitobini o’qiyotgani kichik hajviy video shaklida namoyish etildi. Klinton kitobdan Trampning pala-partish o’tgan birinchi yili haqidagi satrlarni o’qirkan, tomoshabinlar hayratga tushdi, ijtimoiy tarmoqlarda bahslar qizidi.

Klinton aks etgan hajviy video AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeylining jig’iga tekkan ko’rinadi. “Gremmi”ni maza qilib tomosha qilishini aytgan arbob “Olov va g’azab” haqidagi gaplar kechani rasvo qildi, deb yozdi.

Kichik Donald Tramp fikricha, bu kitob soxta xabarlarga asoslangan va uni “Gremmi”da o’qish prezident saylovida mag’lub bo’lganlarga taskin beradi.

Taqdimot tashkilotchilariga ko’ra esa “Gremmi” sahnasida Klintonning ko’ringani ko’ngilochar dasturning bir qismi.