Chuqur qarzga botgan Gretsiyada parlament xarajatni kesib, soliqlarni ko’tarish uchun ovoz berdi.
Aholi keskin norozi, lekin hukumat bunda qilishga majbur ekanini uqtirmoqda. Yordam qo’lini cho’zayotgan Xalqaro Valyuta Jamg’armasi va Yevropa Ittifoqi Gretsiyaga qator shartlar qo’ymoqda.
Gretsiya parlamenti qarshisida g’azablangan fuqarolar politsiya bilan olishmoqda.
Bino mudofaasiga safarbar etilgan xavfsizlik kuchlariga qarata qo’lbola bombalar uloqtirayotgan odamlar.
Politsiya ko’zni yoshlashtiruvchi gaz va dubinka bilan javob berayapti.
Qonunchilar ovoz bergan dastur 40 milliard dollarga teng, mamlakat oyoqqa turib olishi hamda yevrozona barqarorligi uchun havodek zarur deb ko’riladi.
Agar ovozdan o’tmasa, Gretsiya qatorida kreditor davlatlar – Fransiya, Germaniya va Britaniya ham krizis domiga tortilishi mumkin edi.
Qarz ustiga qarz olish uchun rasmiy Afina so’nggi bir yilda ijtimoiy himoya dasturlarini qisqartirgan, oylik-maoshlarni kamaytirib, islohotlar boshlagan.
Afina markaziy maydonini egallab olgan greklar bir necha kundan beri shu yerda tunamoqda.
Aksar namoyishchilar kunini siyosat va iqtisodiyotni muhokama qilish bilan o’tkazadi.
"Yurtimiz kelajagi xavf ostida, chora ko’rmasak bo’lmaydi”, - deydi ular.
Kasaba uyushmalari boshchilik qilayotgan namoyishlar avvaliga tinch o’tdi, keyin esa to’polonga aylandi, qonli tus oldi. Salkam 50 odam jarohat olgan, aksariyati politsiyachilar. Gretsiya bo’ylab davlat idoralari, bank va aeroportlar yopiq.
Ishsizlik 16 foizdan oshay deb turganda, eng kam maoshga ishlayotgan fuqarolarning solig’ini ko’tarish nimasi, deb so’raydi aksiya ishtirokchilari.
Kasaba uyushmasi rahbarlaridan biri Ektoras Kavadias deydiki, qarzni to’plagan boshqalar, uni to’lash esa fuqaro bo’ynida.
Moliyaviy qiyinchilikni boshdan kechirayotgan faqat Gretsiya emas.
Ispaniyada ham o’tgan oydan beri to’polon. Qo’shni davlatlardagi soliq to’lovchilar ham g’azabini yashirmaydi.
Butun Yevropa bo’ylab hukumatlar sarfiyatni kesish bilan band, deydi iqtisodchi Ayan Begg.
“Ammo hech bir davlatda fuqaro o’zini qarz uchun mas’ul deb bilmaydi”, - deya vaziyatni izohlaydi tahlilchilar.