Gretsiya iqtisodiyoti moliyaviy krizis inkanjasida ekan, yaxshiroq hayot ilinjida qo’shni Turkiyaga ko’chib, imkoniyat izlayotganlar ko’pchilik. Ikki mamlakat tarixini hisobga olganda, bu muhim o’zgarish.
Gretsiya 1821 yilda Usmoniylar imperiyasidan ajralib chiqqanidan so’ng Turkiya bilan to’rt urushni boshdan kechirgan. Hukumatlar harakati bilan so’nggi yillarda aloqalar iliqlashgani seziladi.
Eleni Varmazi, Gretsiya fuqarosi, Istanbuldagi xususiy oliygohlardan birida dars beradi. Bu yerga ish qidirib kelayotgan greklar soni yildan yilga o’sib bormoqda.
“Turkiyadan tashqari Britaniya, Irlandiya, Belgiya va Kiprda bir qancha lavozimlarga ariza topshiruvdim. Universitetda domlaman. Istanbulda ish topganim ayni muddao, chunki uzoqqa borib o’tirmaysiz. Dam olish kunlari Gretsiyaga qatnash mumkin. Men kabi Istanbulga kelib, omadi chopganlarni bilaman”, - deydi Eleni Varmazi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Raqobatchilik va nizolar Turkiya va Gretsiyani bir necha bor urush yoqasiga olib kelgan. Lekin, deydi suhbatdoshimiz, u davrlar o’tdi. So’nggi paytdagi o’zgarishlar samimiy qo’shnichilikdan nishon.
Ionis Grigoriadis Anqaradagi Bilkent Universitetida xalqaro aloqalar bo’yicha mutaxassis. Istanbulning greklar mahallasida yashaydi. Uning fikricha qo’shni davlat fuqarolari Turkiyaga ish izlab kelayotgani munosabatlar normallashayotganidan dalolat.
“1990-yillardagi murakkab davrlar yodimda, o’shandan buyon ko’p narsa o’zgardi. Grek studentlar bugun turk tilini o’rganish uchun Istanbulga kelmoqda. Gretsiya televideniyesida turk seriallarini tomosha qilish mumkin. Umuman, chegaraning narigi tarafida Turkiya haqida omma fikri o’zgargan. Xayrixohlik, muvozanat bor o’rtada”, - deydi grek professori.
Istanbul shahrida grek arxitekturasiga bag’ishlangan ilk gallereya … ko’rgazma zalini kezar ekansiz asosan grek tili quloqqa chalinadi. Grek mahalla oqsoqoli Laki Vingasni suhbatga tortamiz:
Avvallari jamoamiz a’zolari, deydi u, farzandlari ulg’ayib, maktabni bitirgan zahoti ko’chib ketish taraddudini ko’rardi. Hozir unday emas.
Mahallada 100 mingdan uch ming odam qolgan bo’lsada, ular kelib chiqishi, millati, e’tiqodi haqida erkin so’zlaydi”, - deya tushuntiradi Laki Vingas.
Istanbuldagi Zografen grek o’rta maktabidamiz. Ingliz tilidan imtihonga tayyorgarlik ketmoqda. Maktabda chamasi 100 o’quvchi ta’lim oladi. O’qishni bitirgach nima rejalaringiz bor, deb so’raymiz ulardan.
“Kelajakda tarjimon bo’lmoqchiman. Turkiyada qolib ishlayman. Vatanim shu yer”, -deydi mana bu o’quvchi qiz.
Turkiyada mehnat qilayotgan greklar soni bo’yicha rasmiy ma’lumotlar yo’q. Shunisi aniqki, Gretsiyada iqtisodiy bo’hrondan qochib, bu yerda yangi hayot boshlayotgan fuqarolar ko’payib bormoqda.