Gretsiyaning Lesbos orolidagi yirik qochqinlar lageri yonib kul bo’lishi ketidan minglab odam boshpanasiz qolgan. 2750 kishiga mo’ljallangan “Moriya” lageri va uning atrofida o’rnatilgan palatkali hududda 12500 dan ziyod odam yashagan edi. Aksariyat qochqinlar va migrantlar hozir ko’chada qolgan, bir necha kundan beri to’g’ri kelgan joyda tunamoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Bugun yuzdan ziyod ayol va bola oroldagi Mitilini shahrida to’planib, namoyish qildi. Afg’onistonlik bir ayolning muxbirlarga aytishicha, lagerda asosiy gigiyena sharoitlari bo’lmagan, xavfsizlik ta’minlanmagan edi.
“Tunda kelib, bizga hujum qilishlari mumkin edi va qo’riqchilar hatto pinagini ham buzmasdi”, - deydi u.
Ikki nogiron farzandi bor yana bir afg’on ayoliga ko’ra, lagerda har kuni urush-janjal, pichoqbozlik bo’lardi, odamlar o’lardi.
Namoyishda yuzlab boshqa ayollar ham qatnashmoqchi bo’lgan, biroq politsiya bunga to’sqinlik qilgan.
Boshpanasiz qolgan lager aholisining ayrimlari deportatsiya etilishidan qo’rqmoqda. Hibsxonalarda odamlar ko’paygani aytilmoqda.
Grek askarlari bir necha kunda Qora-Tepa lagerida 300-350 ta chodir o’rnatib, 300 qochqin va migrant u yerga ko’chirildi. Biroq bu odamlar lagerda qolishni istamaydi, Yevropa mamlakatlariga ketishni orzu qiladi.
“Hammamiz ozod bo’lishni xohlaymiz”, - deydi afg’onistonlik Abdul Qodir.
Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis Yevropa Ittifoqidan migratsiya oqimini nazorat qilishda yordam so’ramoqda. Uning aytishicha, migrantlar lagerni tark etish maqsadida ataylab unga o’t qo’ygan.