London 2012-yilgi Olimpiya o’yinlarini o’tkazishga tayyorlanar ekan, sakkiz yil muqaddam ushbu nufuzli musobaqaga mezbonlik qilgan Gretsiyadan ko’p narsa o’rganishi mumkin. Gretsiyada Olimpiada uchun qurilgan ko’plab inshootlar hozir foydalanilmasdan bekor yotibdi. Ko’plab gretsiyaliklar va, hatto Xalqaro Olimpiya Qo’mitasi rahbari fikriga ko’ra, rasmiy Afinaning qarz botqog’iga botishida 2004-yilgi musobaqalarning hissasi bor.
Olimpiya parki Afinadagi kam sonli jim-jit maskanlardan biri. Bu yerda onda-sonda quloqqa chalinadigan qushlar chug’uri, ba’zan, Egey dengizidan keladigan kemalar ovozi ostida qolib ketadi. Bu yerda odamlar ham, mashinalar ham yo’q.
So’nggi sakkiz yil davomida Olimpiya parki qarovsiz qoldi. Jamoatchilik uchun eshiklari yopiq. Qilichbozlar maydoni zanglagan temir-tersak omboriga aylandi.
Kanoe havzasi qurilishiga millionlab dollar sarflangan edi. Suv buning uchun maxsus yaratilgan sun’iy ko’ldan quvurlarda yetkazilar edi. Hozirda ko’l qurigan. Quvurlar esa park chetida qarovsiz yotibdi.
Afina chetidagi Xellenikon nohiyasi kengashi vakili Manolis Trikasning aytishicha, 2004-yilgi Olimpiadada ko’p isrofgarchilik bo’ldi.
“Ko’p qurilishlar savdo-sotiq qilish uchun, Olimpiya o’yinlari ommabopligidan foydalanib, reklamaga joy tayyorlash uchun amalga oshirildi. Afsuski, Olimpiada Gretsiya uchun falokatli bo’ldi”, deydi u.
Bu xarajatga Olimpiada arafasida qurib bitkazilgan yangi metro va tramvay yo’llari, yangi aeroport va trassa kirmaydi.
Olimpiya parkining bir burchagida Gretsiyaning 2004-yilgi softbol jamoasi a’zolari navbatdagi musobaqaga tayyorlanmoqda. Jamoa a’zosi Luiza Sharpning aytishicha, Olimpiya inshootlarini saqlab qolish kerak.
“Ular juda chiroyli, juda qimmatdir. Ularni kimdir ishlatib, foydalana olmayotgani achinarli”, deydi u.
Sharpning aytishicha, odamlar ham farzandlarini sportga bermay qo’ydi.
“Olimpiada arafasida, o’yinlar paytida va undan biroz keyin yoshlarning sportga qiziqishi kuchaygan edi. Ammo iqtisodiy muammolar yuzaga chiqqach, nazarimda, ota-onalar farzandlarini ko’proq akademik kurslarga berishyapti”, deydi sportchi.
Mahalliy kengash a’zosi Manolis Trikas esa boshqacha fikrda. U va shu yerdagi boshqa mahalliy fuqarolar parkda zaytun daraxtlari ekishni boshlagan. Parkning bir qismi allaqachon zaytun bog’iga aylangan.
Trikasning aytishicha, moliyaviy inqiroz davrida ochlikka yo’l qo’ymaslik uchun dehqonchilik qilish kerak. Bunaqa inqirozdan chiqish uchun bizga pulni ko’paytirish emas, balki o’zaro birdamlik yordam beradi, deydi u.
2012-Olimpiya o’yinlarini o’tkazish Londonga 14,3 milliard dollarga tushyapti. Afinaliklar inglizlarni musobaqaning salbiy asoratlaridan ogoh bo’lishga chaqirmoqda.