Afg'onistondagi mustaqil tadqiqot markazining aniqlashicha, sakkiz fuqaro to'qima ayblov va gumon bilan uzoq yillar davomida AQShning Guantanamo qamog'ida o'tirgan.
Rasmiy ma'lumotlar va sud hujjatlariga asoslangan tahlilnomada bu markaz (Aghanistan Analysts Network (AAN) 15 yillik tarixni sarhisob qiladi va mahbuslar taqdiriga nazar tashlaydi.
Ko'plab mahbuslar vatanga qaytarilgan. Ayrimlari boshqa yurtlardan boshpana olgan. Aksariyatiga biror ayb qo'yilmagan.
Terrorchi degan gumon bilan Guantanamoga olib borilgan insonlar aslida biror tashkilot a'zosi bo'lmagan, deyiladi yangi tahlilnomada. Ba'zi hollarda Amerika tekshiruvchilari ularning kimligini adashtirgan, qay to'dadan ekani yoki umuman, bu to'dalar o'zi kimlardan iborat ekanini tushunmagan, deydi mutaxassislar.
Hujjatlar chalkash, tarjima no'noq, uydirma va tuhmat keng, aniq dalil va isbotsiz, qiynoq va zo'ravonlikka tayangan holda so'roq qilish hollari - Guantanamoda o'tirgan va o'tirib chiqqan afg'onlarning achchiq taqdiri shu, deya hikoya qiladi mustaqil markaz.
AQSh hukumati bu hisobotga jiddiy qarab, undagi ma'lumotlarni o'rganmoqda. Mahbuslarning huquqlari hurmat qilingan, deydi rasmiylar.
Guantanamoda jami 800 odam o'tirgan edi, hozirda ulardan 85 foizi boshqa joyga ko'chirilgan, qo'yib yuborilgan, boshpana berilgan yoki vataniga ketgan.
Tahlilnomada sakkiz kishining ishi alohida ko'rib chiqiladi va Afg'oniston hukumati ularning mamlakatga qaytishiga qarshi emas. Bu odamlar, deydi Prezident Ashraf G'ani, aslida oddiy fuqarolar, xususan do'kondor, qorovul va hunarmand bo'lgani ma'lum.
Mahbuslardan biri Muhammad Rahim al-Qoida rahbari Osama Bin Ladenning tarjimoni bo'lgan deya gumon qilingan. Lekin buni isbotlovchi birorta dalil mavjud emas.
Prezident Barak Obama Guantanamoni butkul yopishni istaydi. Lekin Kongressda hukmron respublikachilar bunga yo'l qo'ymayapti.