Guantanamo qamog'ini yoping, deydi faollar

  • Amerika Ovozi

Guantanamo qamoqxonasi

Inson huquqlari faollari prezident Barak Obamani Guantanamo qamoqxonasini tezroq yopishga chaqirmoqda. Bu hibsxonada bugun 166 mahbus saqlanmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Guantanamo qamoqxonasi, Behzod Muhammadiy


“Nyu-York Tayms” gazetasida sobiq mahbus turmadagi og’ir sharoitlar haqida maqola chop etgach, hozir o’zida 166 mahbusni saqlayotgan qamoqxona yana jamoatchilik e’tiboriga tushdi.

“Xalqaro Amnistiya” tashkilotining AQSh bo’limi vakili Zik Jonson Guantanamoda inson huquqlari poymol etilayotganini ta’kidlaydi.

“Ayblov qo’ymasdan uzoq muddat qamoqda saqlash, xalqaro standartlarga javob bermaydigan adolatsiz sud – bularning barchasi inson huquqlarining buzilishi. Qabul qilib bo’lmas holatlar”, - deydi u.

Oq Uy rasmiylarining aytishicha, Guantanamoning hanuz yopilmaganiga prezident emas, Kongress aybdor. Obama qamoqxonaning yopilishini istaydi, bu yo’lda mahbuslarni uchinchi davlatlarga jo’natish bo’yicha muhim qadamlar qo’yildi, ammo Kongress butunlay yopilishiga yo’l bermayapti, deydi ular.

Siyosatchilar orasida ham hibsxonani yopishni talab qilayotganlar soni oshib bormoqda.

Jorjtaun universitetining huquqshunoslik fani professori Jenifer Daskal siyosatchilar quruq so’zdan amaliy ishga o’tishlari lozimligini aytadi.

“Yopishga xohish bor. Ammo buning uchun siyosiy istakning o’zi kifoya qilmaydi. Guantanamoni yopish oson ish emas”, - deydi professor.

Huquq faollari jamoatchilik e’tibori oshgani tufayli Obama endi masalaga jiddiy yondashib, aybi isbotlanmagan mahbuslarni ozod etish va ayb qo’yilganlarni sudga tortish borasida amaliy ishga o’tadi, degan umidda. Ularning fikricha, 2016-yilgi saylovlargacha bo’lgan davr buni amalga oshirish uchun eng qulay fursatdir.