Qirg`izistonning turk maktablarini yopmaslik haqidagi bayonoti ortidan Qozog`istonda ham turk-qozoq litseylari faoliyati davom etishi ma`lum qilindi. Turkiyaning Qozog`istondagi turk maktablarini taqiqlashga doir talabi Qirg`iziston misolidagi kabi keskin bayonotlar shaklida emas, matbuot anjumani o`tkazgan turk elchisining jiddiy xavotiri bilan bildirilgan. Anqara davlat to`ntarishiga urinishda ayblanayotgan Gulen jamoasi doxil mintaqadagi tashkilotlar faoliyatini to`xtatish harakatida davom etishi aytilmoqda.
Tyrkiyadagi davlat to`ntarishiga urinish tashkilotchiligida ayblanayotgan Fathulla Gulen jamosiga aloqador turk maktablari taqdiri Anqara va Bishkek o`rtasidagi ziddiyatli bayonotlarga sabab bo`ldi.
Prezident Atambayevning Turkiya tomoniga javobi ancha keskin ohangda aytilgan. Turkiyani ko`rsatayotgan moliyaviy yordam uchun minnat qilmaslikka chaqirgan Atambayev Qirg`iziston buning uchun yugurdak bo`lmasligini, litseylar faoliyati mamlakatning ichki ishi ekanligini bildirdi. Qirg`izistondagi Gulen maktablarini yopishni talab qilgan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Qirg`izistonning BMT a`zoligi uchun xarajatlarini Anqara to`lab kelayotganini aytgan edi.
Turkiyadagi Gulen jamosiga aloqador ko`rilayotgan Markaziy Osiyodagi maktablarni yopish harakati Qozog`istonda ham e`tirozlar uyg`otgan.
Anqara Qozog`istondagi turk maktablari yuzasidan Qirg`iziston misolidagi kabi keskin bayonotlar bilan chiqmagan, ammo Turkiyaning Qozog`istondagi elchiligi tashkil etgan matbuot anjumanida, elchi mamlakatdagi “turk-qozoq” litseylariga nisbatan jiddiy xavotir izhor etgan.
Turkiyaning Qozog`istondagi elchisi Nevzat Uyanikka ko`ra, Qozog`istonda Turkiya davlati ko`magida ochilgan faqat bitta o`quv yurti bor, bu Turkistondagi Ahmad Yasaviy nomidagi xalqaro universitet. Mamlakatdagi boshqa “qozoq-turk”, “turk-qozoq” nomi qo`llanilayotgan o`quv yurtlarining birortasi Turkiya davlatiga aloqador emas.
Ma`lumotlarga ko`ra, Qozog`istonda 30 ga yaqin “turk-qozoq” maktablari bor, ularga KATEV jamg`armasi homiylik qiladi. Jamg`arma qozoq qonunchiligiga muvofiqlashayotganini, biror bir xalqaro tashkilotlarga bog`liq emasligini, turk diplomatlari bildirayotgan ayblovlardan hayratda ekanligini aytgan.
Qozoq matbuoti turk diplomatlari birinchilardan bo`lib litseylardagi farzandlarini boshqa maktablarga ko`chira boshlagani, matbuot anjumani ortidan esa turk-qozoq maktabidagi o`qituvchilar, o`quvchilar, talabalar o`rtasida jiddiy tahlika yuzaga kelgani haqida yozdi.
Bu tahlika ortidan Qozog`iston Ta`lim vazirligi turk -qozoq litseylari yopilmasligi, o`z faoliyatida davom etishiga doir alohida bayonot bilan chiqdi.
“Bu o`quv yutrlari avval qanday ishlagan bo`lsa, shu tariqa ishlashda davom etadi, o`quvchilar, ularning ota-onalari xavotirga tushishlari uchun biror asos yo`q”, deyiladi bayonotda.
Vazirlik ikki o`rtadagi ta`lim sohasidagi hamkorlikka prezident Nursulton Nazarboyev va Turkiyaning marhum prezidenti Turg`ut O`zal tomonidan ko`rsatilgan sa'y-harakatlar tufayli asos solinganini eslatadi.
Sharhlovchilarga ko`ra, turk o`quv yurtlarining Markaziy Osiyoga kirib kelishida ham, mintaqa bilan Turkiya aloqalari tiklanishida ham Turkiyaning sobiq prezidenti, marhum Turg`ut O`zal qo`shgan hissa katta bo'lgan.
“O`sha yillari prezident Turg`ut O`zal orqali, u bilan birga gulenchilar mintaqaga brinchilardan bo`lib kirib kelishdi. Markaziy Osiyoda nafaqat maktablar, balki gazeta, radio, televideniyelar ham ochishdi. Masalan, “Zaman” gazetasi o`zbek, qirg`iz, qozoq tillarida, hatto ruschada chiqardi. Ular juda faol edi. Bu jamoa dindor, ammo tashqarida dindan saboq berganini ko`rmadim. O`z maktabida cheklangan tarzda saboq berishi mumkin, lekin ular bunday saboqni o`quvchilari nasroniy bo`lsa, nasroniylikdan ham berishi mumkin edi”, - deb eslaydi o`zbek yozuvchisi Safar Bekjon.
Markaziy Osiyo mustaqilligining dastlabki yillaridan boshlangan bu hamkorlik davrida islomiy qadriyatlar himoyachisi sifatida ko`rilayotgan har ikki lider Fahulla Gulen ham, amaldagi prezident Rajab Toyib Erdo'g`an ham o`zaro ittifoqda bo`lishgan. Bu yetakchilar o`rtasida boshlangan ziddiyatning davlat to`ntarishiga urinish bilan tugagani bugun Markaziy Osiyoda ham aks sado bermoqda.
Turkiyada 200 dan oshiq odam qurbon bo`lgan davlat to`ntarishiga urinish harakatlarini tashkil etishda ayni paytda AQShda yashayotgan diniy ulamo Fathulla Gulen ayblandi.
Ayblovni inkor etgan Gulen davlat to`ntarishiga urinish sahnalashtirilgan bo`lishi mumkinligini aytgan. Isyon ketidan Turkiyada Gulenn jamoasi vakillariga nisbatan boshlangan ommaviy hibslar mamlakatda avtoritar boshqaruv kuchayishi haqidagi xavotirlarni uyg`otgan.