Dushanba kuni Bahrayn va Saudiya Arabistoni rasmiylari Fors Ko’rfazi Hamkorlik Kengashi doirasida muloqot o’tkazdi. Saudiya Tashqi ishlar vaziri Saud al-Faysalning aytishicha, arab o’lkalari orasida siyosiy ittifoq tuzish masalasi kengashning boshqa a’zolarini ham jalb etish maqsadida biroz keyinga qoldirilgan.
Matbuot xabarlarida ittifoqqa Saudiya Arabistoni va Bahrayn asos solishi, so’ngra unga boshqalarning qo’shilishi haqida taxminlar paydo bo’lgan edi.
Sunniy ikki mamlakat qo’shni Eronni mintaqa uchun tahdid sifatida ko’radi. Ularga ko'ra, shia Eron rahbariyati arab davlatlarida mazhablararo nizo qo’zg’ab, beqarorlik keltirib chiqarishga urinmoqda. Rasmiy Tehron bu ayblovlarni inkor etadi.
Eron va uning qo’shnilari o’rtasidagi ziddiyat kuchayib, hatto diplomatik aloqalarning uzilishigacha borib yetdi.
Brukings Institutining Dohada joylashgan markazi tahlilchisi Salmon Shayxning aytishicha, arab siyosiy ittifoqi amalga oshishi mushkul.
“Bu borada qilish lozim bo’lgan ishlar ko’p. Oxirgi soatlarda olib borilgan jadal muloqotlarning o’zi kifoya emas”, - deydi u.
Fors Ko’rfazi Hamkorlik Kengashi a’zolari siyosiy jihatdan yanada uyushgan ittifoq tuzish zarurati mavjudligini tasdiqlaydi. A’zolar kengashning dekabrda rejalangan yig’inida ham shuni muhokama qilmoqchi.
Fors Ko’rfazi Tadqiqot Markazining xalqaro munosabatlar bo’yicha direktori Kristian Kochning aytishicha, rasmiylar bu borada kelishib olishi lozim bo’lgan masalalar juda ko’p.
“Nazarimda, hozir ittifoq masalasi asosan g’oya sifatida olg’a surilmoqda. Aynan nima tushunilishi va uning, masalan, Yevropa Ittifoqi kabi shakl-shamoyilga ega bo’lishi sekin-asta amalga oshadigan narsa. Bu ishning muhokama qilish lozim bo’lgan detallari hali juda ko’p”, - deydi tahlilchi Koch.
Kochning so’zlariga ko’ra, Fors ko’rfazidagi arab davlatlari uchun Eron asosiy xavf manbai bo’lishda davom etadi.
“Ayni paytda Eron bilan bog’liq muammolar borligi aniq. Bu narsa Kengash davlatlarini yanada yaqinroq hamkorlik qilishga undaydi”, - deydi u.
O’tgan yillar davomida a’zo davlatlar o’rtasida hamkorlikni kuchaytirish bo’yicha bir qator muvaffaqiyatli ishlar amalga oshirildi. Shu bilan birga, yagona pul birligini joriy etish kabi ijrosi qiyin masalalar ham bor. Ayrim kichikroq davlatlar siyosiy ittifoqni milliy suverenitetga tahdid sifatida ko’radi. Shu kabi muammolar bor ekan, tahlilchilar Fors ko’rfazida yaqin orada ittifoq paydo bo’lishiga ishonmaydi.