Pentagonning kelajagi qanday?

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vazri Chak Xeygl

AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeyglning aytishicha, terrorizm va boshqa tahdidlarga qarshi kurashda nafaqat harbiy kuch, balki mavjud barcha imkoniyatlarni ishga solish kerak.

Prezident Barak Obama Afg’onistondagi urushga yakun yasash arafasida ekan, mudofaa vaziri Pentagonning kelajakdagi byudjeti va muhim strategik vazifalari haqida hisobot berdi.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazida global xavfsizlik yig’inida ishtirok etgan Xeygl Iroq va Afg’onistondagi 12 yillik urushdan so’ng AQSh yirik mojarolardan o’zini tiyishga urinayotgani haqidagi gap-so’zlar asossiz ekanini ta’kidladi.

“Faqat o’zimiz bilan o’zimiz ovora bo’lishimiz manmanlik kabi o’ta xatarlidir. XXI asrda muvaffaqiyatli tashqi siyosat yuritishimiz uchun bunday qarashdan saqlanish kerak”, - deydi u.

Xeygl tilga olgan strategiya askarlar sonini kamaytirish, ko’proq maxsus amaliyotlar va dronlar orqali aniq hujumlarga suyanish, tahdidlarni hal etishda hamkor davlatlar kuchlarini tayyorgarlikdan o’tkazish hamda ko’proq gumanitar yordam dasturlarida qatnashishni ko’zda tutadi.

AQSh rasmiyisining aytishicha, Vashington nodavlat guruhlar, terrorchilar va jinoiy to’dalar solgan xavflarni bartaraf etishda hanuz mas’uliyatni o’z zimmasiga oladi.

“Bu muammolar yechimida hech bir davlat biz kabi iroda, kuch, imkoniyat va ittifoqchilar tarmog’iga ega emas. Ammo bu yetakchilikni saqlab qolish faqat qudratimizning darajasiga emas, balki me’yorlarni bilib, ta’sirimizni aql bilan ishlatishimizga ham bog’liq”, - deydi u.

Resurslardan oqilona foydalanish zarurati, ayniqsa, keyingi 10 yilda Pentagon byudjeti qariyb bir trillion dollarga kamayishi kutilayotgan bir paytda yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xeygl so’zlariga ko’ra, istiqbolda e’tibor ko’proq fuqaroviy kuch vositalariga qaratilib, harbiylar xavflarni bartaraf etish va dunyo bo’ylab mavjud mojarolarga yechim topishda qo’shimcha yordamchi kuch vazifasini bajaradi.

Your browser doesn’t support HTML5

Mudofaa vaziri Pentagon kelajagi haqida, Behzod Muhammadiy