Gaitida 2010-yilgi zilziladan so’ng Amerikaga vaqtincha keltirilgan salkam 60 ming odam orolga qaytarilishi mumkin. Tramp ma’muriyati ularga berilgan Vaqtincha himoyalangan maqomini 2019-yil iyulida bekor qilishga qaror qildi. Shukronalik bayrami oldidan prezidentning bu qarori gaitiliklarni o’ylantirib qo’ydi.
Oq uy ma’muriyati Gaitidagi vaziyatni o’rganib, orol zilziladan tiklangan, sharoit ancha yaxshilangan, gaitiliklar bemalol yurtiga qaytishi mumkin, degan xulosaga kelgan.
Gaiti-Amerika huquqshunoslari uyushmasining Nyu-Yorkdagi bo’limi prezidenti Rita Pyerning aytishicha, jamoa xavotirga tushgan.
“Odamlar nima qilishni bilmay qoldi – Gaitiga qaytishga taraddud ko’rsinmi yoki qolishga harakat qilsinmi? Hech kim bu yangilikni xursandchilik bilan qabul qilgani yo’q”, - deydi u.
Faol Joselin Makkallaning aytishicha, dastur 18 oydan so’ng bekor qilinadi, demak, o’ylashga vaqt yetarli.
Pyer huquqiy chora ko’ramiz, deydi.
“Lobbichilikni kuchaytiramiz, kurashamiz, Kongressdan jamoa a’zolariga fuqarolikka yo’l berilishini so’raymiz. Jamoa orasida tashviqot ishlarini olib borib, odamlarni tinchlantirishimiz ham kerak. Ko’plar vahimaga tushgan”, - deydi u.