12 mingdan ziyod gaitilik siyosiy boshpana so’rab AQShning janubiy chegarasi tomon kelishi ketidan Texas shtatining Meksika bilan chegaradosh Del Rio o’tish punkti yopib qo’yilgan. Bayden ma’muriyati ularni yurtiga deportatsiya qilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Minglab gaitiliklar Meksika orqali AQSh chegarasi tomon kelishda davom etmoqda. Ular ikki mamlakatni bir-biriga ulovchi xalqaro ko’prik ostida turib, Amerikaga kirishga urinmoqda.
“Kecha 14 ming atrofida edi, ammo chegara patruli ko’p joylarni yopganidan so’ng 12 mingga tushdi”, - deydi Chegara patruli ittifoqidan Jon Anfinsen.
AQSh chegarachilari bir necha kun davomida migrantlarni ko’prik ostidan maxsus ajratilgan joyga ko’chirishga harakat qildi. U yerda kim siyosiy boshpanaga loyiq, kim esa Gaitiga qaytarilib yuborilishi aniqlanadi.
AQSh chegarasiga kelgan ko’plab gaitiliklar bungacha Braziliya va Chilida yashab kelayotgan edi. Ba’zilari 2010-yilda Gaitida ro’y bergan zilziladan beri. AQSh migrantlarni qabul qilyapti degan gap tarqalishi ketidan ko’plar Amerikaga yo’l oldi.
Bir odam bir necha oy Gvatemalaning Meksika bilan chegarasida ushlab turilganini aytadi.
“Ahvol og’ir. Ikki oydan beri na ish bor, na yegulik”, - deydi u.
So’nggi haftalarda Rio-Grande daryosidan o’tib kelayotgan odamlar ko’prik ostida to’planmoqda.
“Del Riodagi chegara patruli agentlarining migrantlarning ko’pligidan tashqarida ishlashga vaqti bo’lmayapti. Bir necha oydan beri ichkarida odamlarni ro’yxatga olyapmiz, bolalar ko’p”, - deydi Anfinsen.
Mahalliy aholi migrantlarning ko’pligidan xavotirda.
“Ko’prik tagida eng ko’pi 20 mingga yaqin odam turgan. Agar vaziyat nazoratdan chiqsa, aholiga qiyin bo’ladi. Migrantlar 45 ming kishilik shaharning yarmini tashkil etadi”, - deydi Peggi Duran.
Gaitiliklar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot vakili Gerlin Jozefning aytishicha, gaitiliklar qonundan chetga chiqmaslikka harakat qilmoqda.
“Migrantlar bu yerga noqonuniy kelyapti” degan gaplarni ko’p eshitaman. Ularning bu yerga kelib siyosiy boshpana so’rashi aynan qonuniy harakat. Ammo AQSh ularga bunday himoyani rad etmoqda”, - deydi u.
AQSh 3000 dan ziyod gaitilikni deportatsiya qilishga ulgurdi. Keyingi bir necha kunda bunday reyslar davom etadi. Ba’zilar buni AQSh tarixidagi eng yirik deportatsiya deb atamoqda.
Yaqinda kuchli zilzilani boshdan kechirgan hamda siyosiy tanazzulga yuz tutgan Gaiti fuqarolarini nazorat qila olmayapti.
Deportatsiya qilinganlar umidsizlanayotganini aytadi.
“AQShga yetib borishning o’zi oson bo’lmadi. Bizni qaytarib yuborishdi. O’zimiz bilan biror narsamizni olishga ruxsat berishmadi. Qamoqda o’tirganday bo’ldik – ovqatsiz, hech vaqosiz”, - deydi ulardan biri.
Gaitiga qaytarilganlarga 100 dollardan berildi. Ularning Amerikada yashash va ishlash orzusi puchga chiqdi.