AQShning BMTdagi elchisi Nikki Heyli yaqinda notinch o'lkalarga safar qilib, nafaqat o'z yurti balki dunyo ahli uchun ishlayotganini ko'rsatishga urindi. Vashington tashqi siyosat avvalo Amerika manfaatlariga asoslanadi, deya bong ursa-da, uning Nyu-Yorkdagi bosh diplomati o'z faoliyatida kengroq fikrlayotganini aytadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Heyli may oyi oxirida Turkiyaga borib, suriyalik qochqinlar yashaydigan lagerlarda bo'ldi. Ularga oziq-ovqat tarqatdi. Keyin Suriyaga chegarasiga safar qilib, vaziyat bilan tanishdi. U yerda ham urush jabrdiydalari bilan vaqt o'tkazdi.
Bu paytda Prezident Donald Tramp Yevropada muzokaralar olib borayotgan edi. Amerika har sohada birinchi bo'lib qoladi, deydi Heyli, global siyoatda ham, insonparvarlik yordami ko'rsatishda ham.
Heyli Iordaniyada ham bo'lib, suriyalik qochqinlar bilan gaplashdi. AQSh sizni yolg'iz qoldirmaydi, tinchlik yo'lini izlashda davom etadi, begunoh insonlarni himoya qiladi, deya so'zladi diplomat.
Prezident Tramp va Davlat kotibi Reks Tillerson manfaatlar va qadriyatlar orasidagi farqlarga urg'u bersa, Heyli ularning mushtarak ekanini qayd etadi. Xavfsizlik va inson huquqlari, adolatli boshqaruv va demokratiya, burch va farovonlik singari tushunchalar haqida gapirmoqda.
"Amerika siyosiy yechim izlamoqda. Inson huquqlari va inson qadri eng oliy qadriyatlarimizdir", - deydi Heyli.
Ko'plab siyosatdonlar nazarida BMTdagi elchi Oq uydan kelayotgan bayonotlarni muvozanatlovchi kuchga aylangan. Ulardagi keskin ohangni Nyu-Yorkdagi diplomat yumshatib turgandek. Tramp ma'muriyati uchun Heyli ishonchli ovoz vazifasini o'tamoqda.
Heyli ichki siyosatni yaxshi tushunadi va Tramp uchun nima muhimligini biladi. Muhojir farzandi va shu bilan birga konservativ partiya, respublikachilarning yetakchi vakili.
Janubiy Karolina gubernatori sifatida u irqchilikka qarshi kurashgan va Amerikadagi ijtimoiy va siyosiy tafovutlar bilan yaxshi tanish.
Xullas, deydi tahlilchilar, Heyli - hozirgi roli uchun munosib shaxs. Diplomatik tajribasi yo'q edi, biroq u ishda tez o'rganmoqda.
Oq uy - doimiy mashmasha makoni. Rossiya bilan bog'liq tergovdan tortib ichki siyosiy chigalliklargacha, xorijdagi harbiy harakatlardan tortib ittifoqchilar bilan taranglashgan munosabatlargacha, Amerikaning global nufuzini himoya qilish, uni asrash bugun har qachongidan qiyinroq.
Heyli BMTda elchilikni boshlaganida bu masalar bilan faqat qog'ozda tanish edi xolos, ularni hal etish hozirda uning zimmasida.