AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli seshanba kuni yil oxiriga borib iste’foga chiqishini kutilmaganda ma’lum qildi. “Siyosiy lochin”lardan hisoblangan rasmiyning ketishi AQSh tashqi siyosatiga qanday ta’sir qilishi mumkin?
Nimrata yoki Nikki Xeyli, Janubiy Karolina shtatining sobiq va yagona ayol gubernatori salkam ikki yil oldin Prezident Tramp taklifi bilan BMTda elchilik lavozimini qabul qildi.
“Men uchun elchi bo’lib ishlash sharaf”, - dedi u.
Prezident Tramp uni a’lo ishi uchun olqishlab, minnatdorchilik bildirdi.
Xeyli Tramp tashqi siyosatini, ba’zan keskin va munozarali siyosatini dunyo tashkilotida himoya qilib keldi. Masalan, AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko’chirish qarorini…yoki falastinlik qochqinlarga moddiy yordamni kesish qarorini…yoki BMT Inson huquqlari kengashidan chiqish qarorini.
Ba’zi hollarda esa diplomat prezident siyosatidan chetga ham chiqdi.
Xeylining Rossiyaga nisbatan ashaddiy qarashlari, ba’zilar nazarida, Tramp bilan tortishuvga olib keldi. Biroq prezidentning qarori haqida xabardor bo’lish uchun Oq uyga chaqirtirilgan arbob kamera nigohida Trampga nisbatan ginasi yo’qligini aytdi.
“2020-yil haqida mendan ko’p so’rayotgan odamlarga prezidentlikka nomzod bo’lish niyatim yo’qligini aytmoqchiman. Keyingi saylovlarda hozirgi rahbarni qo’llab-quvvatlayman”, - dedi u.
Tahlilchilarga ko’ra, Xeylining BMTdan ketishi Tramp tashqi siyosatini kuchsizlantirmaydi, chunki Davlat kotibi Mayk Pompeo hamda Milliy xavfsizlik maslahatchisi Jon Bolton kabi tajribali mutaxassislar Trampga tashqi siyosatda maslahatchilik qilmoqda.
“Bolton va Pompeoning tashqi siyosatga doir qarashlari Xeylinikiga o’xshab ketadi. Oq uy tashqi siyosatida katta o’zgarish bo’lmaydi”, - deydi Vashingtondagi Xeritij jamg’armasidan Bret Sheyfer.
Xeyli Tramp ma’muriyatida eng uzoq muddat ishlayotgan yuqori lavozimli xodimlardan biridir.
“Shu kungacha milliy xavfsizlik bo’yicha uchta maslahatchini ko’rdik. Bunday keskinlik izchil siyosat olib borishga xalaqit beradi. Ustiga ustak, fikrini, siyosatini tez-tez va keskin o’zgartirib turadigan prezident bilan izchillikni ta’minlash yanada qiyindir”, - deydi ekspert Ben Fridmen.
46 yashar diplomatning o’rnini kim egallashi hozircha noma’lum. Ba’zi mutaxassislar Dayana Pauell, Brayan Xuk, Richard Grenell va nihoyat prezidentning qizi Ivanka Trampni ehtimoliy nomzod sifatida keltirmoqda.