“Frans-Press” axborot agentligining xabar berishicha, “XAMAS” harakati Isroilning G’arbiy Sohildagi yerlarni anneksiya qilishi urush e’lon qilish bilan barobar bo’ladi deya ogohlantirmoqda, biroq ayrim tahlilchilar yangi ixtilof guruhning o’ziga qimmatga tushishini aytmoqda.
Falastinliklarning bir qismi “XAMAS” boshqaruvidagi G’azo Sektorida, qolgani esa “Fath” siyosiy partiyasi tashkil etgan Falastin hukumati joylashgan Iordan daryosining g’arbiy sohilida yashaydi. AQSh Prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharq tinchlik rejasini e’lon qilganidan beri G’azo Sektorida deyarli har kuni norozilik namoyishlari bo’lmoqda.
Reja Isroilga G’arbiy Sohildagi yahudiy aholi punktlari va Iordan vodiysini o’ziga qo’shib olishni taklif etadi. Isroil bu yerlarni xalqaro qonunlarga xilof holda 1967-yildan beri egallab keladi.
Isroil hukumati 1-iyuldan ushbu rejani amalga oshirishga kirishishi kutilmoqda. 2007-yildan buyon Isroil bilan uch marta urush qilgan “XAMAS” harakati anneksiyaga munosabatini aniqlashga urinmoqda.
Falastinlik tahlilchi Adnan Abu Amerning aytishicha, anneksiyaga qarshi har qanday harakat G’azo Sektoriga bevosita ta’sir qiladi.
2018-yilda imzolangan sulhga qaramay, “XAMAS” va Isroil vaqti-vaqti bilan o’q almashib turadi.
“XAMAS” portlovchi modda solingan havo sharlari va boshqa portlovchi moddalarni ishga solsa, chegarada ziddiyatlar avj olishi mumkin”, - deydi G’azodagi Al-Azhar universitetida siyosiy fanlar professori Muhaymar Abu Saada.
Tahlilchi Isroil qamali ostida iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan G’azoni bosqarayotgan “XAMAS” Isroilga qarshi harbiy harakat boshlashiga ishonmaydi.
“Guruh g’azoliklarning yanada azob chekishini istamaydi va shu sabab, hozircha xalq namoyishlariga turtki berib turadi”, - deydi Saada.
26-iyun kuni Isroil aviatsiyasi G’azodan uchgan raketalarga javoban may oyidan beri ilk bor “XAMAS” pozitsiyalarini nishonga oldi.
“XAMAS”ning harbiy qanoti anneksiya urush qo'zg’ashi haqida ogohlantirmoqda.
Ayni paytda “XAMAS” huddudagi boshqa guruhlar bilan harakat rejasi xususida muzokara qilayotgani aytiladi.
2018-yil martida falastinliklar G’azoning Isroil bilan chegarasi bo’ylab har hafta namoyishlar uyushtirib, Isroil 1948-yilda davlat sifatida paydo bo’lishi ketidan o’z yerlaridan haydalgan falastinliklarning tarixiy vataniga qaytishini talab qildi.
Namoyishchilar Isroilni bir necha yil oldin G’azoga qo’yilgan qamalni bekor qilishga ham chaqirgan edi.
Biroq o’tgan yili namoyishchilar soni siyraklashdi, so’ng koronavirus pandemiyasi sabab karantin joriy etildi.
Tahlilchi Abu Amerning taxmin qilishicha, agar Isroil anneksiya rejasini amalga oshirishga kirishsa, “XAMAS” boshqa guruhlarni ham Isroilga raketa otishga yoki chegarada janjal chiqarishga undashi mumkin.
“Biroq “XAMAS” Isroilning keskin javobini talab qiluvchi harakatlardan o’zini tiyadi”, - deydi mutaxassis.
Abu Amerning aytishicha, “XAMAS” Isroilga qarshi hujumlarni G’arbiy Sohilda amalga oshirishi mumkin. Biroq buning uchun raqib “Fath” partiyasi va Falastin Muxtoriyati prezidenti Mahmud Abbos bunga rozi bo’lishi kerak.
“XAMAS” 2006-yilda parlament saylovlarida g’alaba qozonishi ketidan “Fath” bilan aloqalari buzilib, shu kungacha ikki guruh o’rtasida yarashishga qaratilgan tashabbuslar natija bermadi.
Iyun o’rtalarida “XAMAS”ning Saloh Bardavil ismli rasmiysi falastinliklarni siyosiy birlikka da’vat etdi.
“Falastin loyihasini to’g’ri yo’lga qaytarish uchun hozirgi muammolarni imkoniyatga aylantirishga chaqiramiz”, - dedi u.
Biroq tahlilchi Abu Amer ikki guruh o’rtasida ishonchsizlikka ishora qilarkan, ularning kelishishiga ishonmaydi.
“Falastin Muxtoriyati “XAMAS” G’arbiy Sohilda harbiy harakatlarini jonlantirishidan qo’rqib, kundalik ravishda guruh faollarining iziga tushib, ularni o’z hududida hibsga olmoqda”, - deydi ekspert.