AQSh Vitse-prezidenti Kamala Harris Filippinning Palavan orolida bo’lib, Qo’shma Shtatlar Xitoyning Janubiy Xitoy dengiziga bo’lgan da’volarini rad qiluvchi BMT qarorini qo’llab-quvvatlashini bildirdi. Filippinni Tinch okeani mintaqasidagi ittifoqchilaridan deb bilgan AQSh Xitoyning hududdagi mamlakatlarga bosimini jilovlashga intilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Harris Palavanda mahalliy aholi bilan uchrashdi, noqonuniy baliqchilikni tanqidga oldi. Ma’lumki, Xitoy bu borada mintaqada eng katta qoidabuzar.
Palavan oroli Janubiy Xitoy dengizida joylashgan bo’lib, undan 330 kilometr naridagi Spratli orollariga Filippin, Bruney, Malayziya, Tayvan va Vyetnam qisman da’vo qilishiga qaramay, Xitoy hududni butunlay o’ziniki deb biladi.
“Qo’shma Shtatlar 2016-yilda BMT arbitraj sudining qarorini qo’llab-quvvatlashini ancha oldin aniq bildirgan. Bir ovoz bilan ma’qullangan sud hukmida Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi ekspansionist da’volari rad etilgan”, - dedi Harris.
Filippin, Bruney, Malayziya, Tayvan va Vyetnam dengizning ayrim qismlariga da’vo qilsa, Pekin uning aksar qismini o’ziniki deb biladi.
Mamlakatlar bu masalada tortishib turadi.
“Mintaqadagi tortishuvlar fonida bu kabi sheriklik har qachongidan muhimdir”, - deydi Filippin Prezidenti kenja Ferdinand Markos.
AQShda ikkinchi raqamli rasmiyning bu hududga safari Amerikaning Osiyodagi azaliy ittifoqchilaridan birini qo’llab-quvvatlashga qaratilgan. Harrisning Prezident Markos bilan uchrashuv chog’ida aytishicha, Filippinga hujum AQSh bilan o’zaro mudofaa haqidagi kelishuvni ishga solishga sabab bo’ladi.
Bunga javoban Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Jao Litzyan “AQSh va Filippin o’rtasida odatiy aloqalarga qarshi emasmiz, biroq bunday munosabatlar boshqa mamlakatlar manfaatlariga ziyon yetkazmasligi kerak”, deb aytdi.
Xitoy mintaqada harbiy faolligini oshirar ekan, Vashington Filippinning oldingi prezideni Rodrigo Duterte paytida zarar ko’rgan ikki tomonlama aloqalarni tiklashga urinmoqda.
Mintaqadagi ko’p mamlakatlar kabi Markos hukumati ham AQSh-Xitoy raqobatidan o’z manfaatlari yo’lida foydalanishga, hamma bilan birday do’stona aloqa qilishga intilmoqda.
“Barchaga do’stmiz, hech kimga dushman emasmiz” siyosati mustaqil tashqi siyosatdan darakdir, Duterte esa AQShdan mustaqil bo’lishni, Xitoyga tobe bo’lishni afzal ko’rgan. Markos muvozanatlash siyosatini mohirona olib borayotganga o’xshaydi”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Sharmeyn Misalucha-Vilobi.
Vashington Hind va Tinch okeani mintaqasida besh mamlakat bilan ittifoqchilik shartnomasiga ega. Filippin bilan kelishuv Tayvan bilan mavjud shartnomaga o’xshab ketadi hamda Palavan oroliga Xitoy ehtimoliy tahdidining oldini olish va unga javob berish siyosatida muhim rol o’ynaydi.