Gavayi musulmonlari Tramp qaroriga qarshi

  • Amerika Ovozi

Gavayi Musulmonlar assotsiatsiyasi prezidenti Hakim Ansafi

Gavayida 5000 atrofida musulmon yashaydi. Ular shtat aholisining bir foizini tashkil etadi. Shtatning bosh huquqshunosi AQSh Prezidenti Donald Trampning muhojirlarga oid qaroriga qarshi chiqqach, oroldagi oz sonli musulmonlar dunyo e’tiboriga tushdi.

Shtatning prezident qarori ustidan sudga bergan da’vo arizasiga oroldagi musulmon imom Ismoil Elshikh ham qo’shildi. Da’voga ko’ra, muhojirlarga qarshi qaratilgan Oq uy farmoni orolning barchani iliq kutib oluvchi madaniyatiga zid.

Elshikhning qaynonasi suriyalik va Suriyada yashaydi. U endi farzandlarini ko’rish uchun AQShga kela olmaydi. Chunki Tramp farmonida suriyaliklarga taqiq qo’yilgan.

Uyatchan va xalq e'tiboriga tushishdan o'zini olib qochuvchi Elshikh uchun sud da’vosiga qo’shilish oson bo’lmadi. Shuningdek, shtatda musulmonlarga qarshi kayfiyat o’sib borayotgan bir paytda u oilasi xavfsizligidan cho’chimoqda.

Gavayi Bosh prokurori Dag Chinning aytishicha, bu yerdagi musulmonlar soni oz bo’lsa-da, ular adolatsiz qarorning qabul qilinishiga toqat qila olmaydi. “Chunki musulmonlar jamiyatimizning bir qismi va ular ehtimoliy terrorchi sifatida tamg’alanmasligi kerak”, - deydi u.

Shuningdek, sudga qilingan shikoyat ozchilik guruhlarni himoya qilishni ko’zda tutadi. II Jahon urushi davrida yapon amerikaliklarga qilingan haqsizliklar qaytalanmasligi kerak, deydi Chin.

“1940-yillarda bu ishlar sodir bo’layotganda, odamlar yaponlarni himoya qilmagan edi. Bugun biz ular uchun gapirishimiz kerak”, - deydi Chin.

Gavayida ilk musulmonlar 1800-yillarda paydo bo’lgan, deydi Gavayi Musulmonlar assotsiatsiyasi prezidenti Hakim Ansafi. Bugun orolda 46 davlatdan kelgan musulmonlar bor. 30 foizi Amerikada tug’ilgan va keyinroq islomni qabul qilgan fuqarolar. Taxminan, 80 oila Tramp qarorida taqiqlangan olti musulmon mamlakatdan.

“Go’zal rang-baranglik bu, - deydi Ansafi. – Qaynayotgan qozon bu. Gavayining haqiqiy qiyofasi bu – faqat kichik bir jamoat”.

Yusuf Dakrub Livanda tug’ilib o’sgan. Gavayilik turmush o’rtog’i bilan Dubayda tanishgan. Ular orolga 2006-yil ko’chib kelishgan. Gonoluluda bu oila hozir Marokash va Livan taomlari restoraniga ega.

Dakrubning aytishicha, u Tramp farmonini savol ostiga olgan sud da’vosini eshitib, o’zining to’g’ri joyda yashayotganiga ishonch hosil qilgan.

“Gavayi mening uyim”, - deydi u.

Asli marokashlik Ansafi esa Gavayini ozchilik guruhlar uchun eng do’stona va eng xavfsiz joy ekanini aytadi. Ammo u so’nggi paytlarda musulmonlarga qarshi tahdidlar ko’payayotganidan xavotirda.

Tahdidlar saylovdan oldin boshlandi va Tramp prezident etib saylangandan beri yanada kuchaydi. Natijada assotsiatsiyamizga xavfsizlik kameralari o’rnatdik, deydi u.

Saylovdan oldin juma namozlarida Gavayiga kelgan ko’plab sayyohlar mahalliy musulmonlarga qo’shilib namoz o’qirdi. Tramp saylangandan beri bundaylar soni kamaygan. Shuningdek, muhojirlarga oid taqiq chiqqandan beri musulmon o’lkalardan sayyohlar ozaydi, deydi Ansafi.