AQShda o‘zbekistonlik yuk mashinasi haydovchisi politsiya bilan to‘qnashib, avtomobillar harakatini bir necha soatga to‘xtatib qo‘ygani uchun hibsga olingan. U yo'ldan o'tayotgan mashinalarga qarata qurol o'qtalganlikda va terror xavfini keltirib chiqarganlikda ayblanmoqda. 25 yashar Xurshid Haydarov bu ayblovlarni rad etmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Haydarov Missuri shtati Kanzas shahri yaqinidagi shtatlararo 25-shosseda politsiya bilan 4 soat to‘qnashuv ketidan hibsga olingan. Bu orada yo'ldagi qatnov to'xtatilgan.
29-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan dastlabki sud tinglovida Haydarov ingliz tilini yaxshi bilmasligini aytib, rus tili tarjimonini so'ragan. Asli o'zbekstonlik Haydarov Filadelfiya shahrida yashagan.
Navbatdagi sud majlisi bugun, 3-yanvar kuni o'tkazilishi belgilangan.
23-dekabr kuni yuz bergan bu hodisada mashinasi haydovchisi kabinadan turib boshqalarga "uzun qurol" bilan o‘qtalgan, lekin biror marta ham o‘q uzmagan.
To'rt soatlik to'qnashuv va tekshiruv oxirida politsiya xodimlari yuk mashinasining derazalaridan birini sindirib, Haydarovni qo‘lga olgan. Uning yonidan pnevmatik qurol topilgan. Bunday qurol, odatda, o‘limga sabab bo‘lmaydi.
Politsiyaning bildirishicha, Haydarovning es-hushi joyida bo‘lmagan, ammo qonida alkogol borligi aniqlanmagan.