AQShda 60 million ispanzabon yashasa, shularning yarmi ovoz berish huquqiga ega. Bu oq tanli saylovchidan kichik, ammo qora tanli saylovchidan kattaroq elektoratdir. Latinolar 1980-yillardan beri odatda demokratlarga yon bosadi, biroq yaxlit guruh sifatida ovoz bermaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Florida shtatida latinolarning katta qismini kubalik amerikaliklar tashkil etadi va ular ko’pincha respublikachilarga ovoz beradi.
“Trampga ovoz beraman. Chunki mamlakatimda hokimiyatni sotsialistlar qo’lga olganida ko’p va’dalar berishgan edi. Vaqt o’tib ular niqobini yechib tashladi, ammo vaziyatni o’zgartirish uchun kech bo’lgan edi. Amerikada ham shu ahvol kuzatilyapti”, - deydi Xorxe Rodriges ismli floridalik saylovchi.
Yoshi ulug’roq kubaliklar demokrat nomzod Jo Baydenni sotsialist deb hisoblaydi. Bayden saylov shtabi bu tamg’adan qutulishga harakat qildi.
“Joe Bayden sotsialist emas. Kommunist ham emas. Prezident Trampning o’zi avtoritar rahbardir. Kubadan kelganlar aynan shunday rahbardan qochishgan”, - deydi shtab vakili Pili Tobar.
Floridalik demokrat latinolar Bayden tarafdori.
“Trampni eng boshidan suymaganman”, - deydi Sara Kardenas.
Ispaniyalik Alberto Kairo bu yilgi saylovda qatnashish uchun AQSh fuqaroligini olishga erta hujjat topshirganlardan.
“Hozirgi prezidentni haydamasak bo’lmaydi. Buni yashirmayman”, - deydi u.
Tenessilik Anke Sandoval har seshanba cherkovga borib, Tramp uchun ibodat qiladi. Gonduraslik bu ayol ilk bor AQSh saylovida qatnashmoqda.
“Yaratgan Tramp orqali hukm qilmoqda. Rahbarlarni tayinlaydigan ham, olib tashlaydigan ham parvardigordir”, - deydi u.
Texasda yashovchi yosh latinolarning bir qismi saylovga chiqmoqchi emas.
“Tengdoshlarim ovozimdan foyda yo’q deb ko’p aytishadi. Bayden yutishini xohlayman, ammo ovoz bermayman”, - deydi Alissa Deyl.
Texas universiteti professori Jim Xensonning aytishicha, yoshlarning sustligi Baydenga zarar qiladi.
“18 dan 24 yoshgacha bo’lganlar, hatto 29 yoshgacha bo’lganlarning ko’pi saylovga chiqmaydi. Latinolarning ko’pi demokratlarni qo’llab-quvvatlasa-da, saylov kuni bu ustunlikni ko’rmaysiz”, - deydi olim.
Demokratik partiya tashviqotchilari Trampning chegarada devor qurish qarori va immigratsiya siyosati yangi muhojirlarni saylovda qatnashishga turtki berishiga umid qilmoqda, biroq bu elektoratning katta yoshdagi vakillari ham saylov kuni yetarlicha faol emas.
“Aksariyati oilali odamlar, ishli odamlar. O’zlari uchun muhimroq yumushlar bilan band bo’lib, ko’pincha saylovga chiqishni unutib qo’yishadi”, - deydi Demokratik partiyaning Texasdagi qo’mitasi raisi Jared Xokema.
Latinolar ko’p sonli saylovchi bo’lsa-da, ularni muhim hisoblangan shtatlarda saylovga olib chiqish muammodir.