Gonkongda yangi qonun loyihasiga qarshi chiqishlar

  • Amerika Ovozi

Gonkong aholisi jinoyatda gumon qilinganlarni sud qilish uchun Xitoyga chiqarish haqidagi qonun loyihasiga norozilik bildirib, namoyish qilmoqda. Ekstraditsiya to’g’risidagi qonun loyihasi jinsiy zo’rlash va qotillik kabi jinoyatlarda ayblanganlarni Xitoy, Tayvan va Makao sudlariga topshirishni nazarda tutadi.

Gonkong rasmiylari siyosiy va diniy dissidentlar ekstraditsiya qilinmasligini aytmoqda. Biroq aholi yangi tartib oqibatida Gonkong adliya mustaqilligiga darz ketishidan xavotirda.

Yuz minglab odam tuni bilan namoyish qilgan. Chiqishlar tinch bo’lishiga qaramay, ba’zi joylarda politsiya bilan to’qnashuvlar kuzatilgan.

“Agar qonun qabul qilinsa, Gonkong Xitoy qonunchiligiga qaram bo’lib qoladi. Erkinligimiz, qonun ustuvorligiga putur yetadi”, - deydi namoyishchilardan biri.

Britaniya koloniyasi bo’lgan yarimorol 1997-yilda Xitoyga maxsus ma’muriy rayon sifatida topshirilib, siyosiy boshqaruvi va iqtisodiy siyosati mustaqil bo’lib kelgan, biroq Pekin uni butunlay o’z nazoratiga olishga intilib keladi.

Gonkong rahbari Kerri Lamning aytishicha, yangi qonun shaharda jinoyatchilikka qarshi kurashda yordam beradi. Lam siyosiy va diniy dissidentlar Xitoyga topshirilmaydi deyishiga qaramay, namoyishchilar unga ishonmayapti..