Gonkong xalqaro moliyaviy markaz maqomini saqlab qoladimi?

  • Amerika Ovozi

Gonkong azaldan savdo uchun qulay joy deb hisoblanadi. Uning Xitoyga yaqinligi xitoylik tadbirkorlarga qulaydir. Gonkongning “bir davlat, ikki tizim” maqomi tufayli iqtisodiy erkinliklar ham ancha keng. Biroq Pekin orolni kattaroq nazorat qilishga intilarkan, Gonkong tadbirkorlar nazaridan qolish xavfi bilan yuzlashmoqda.

Britaniyaning sobiq mustamlakasi 1997-yilda Xitoyga topshirilganidan beri Gonkong bu qadar siyosiy zo’ravonliklarga guvoh bo’lmagan edi.

Ekstraditsiya haqidagi qonunga qarshi namoyishlar, Xitoyning Gonkongni o’z nazoratiga olish harakatlari orolning barqaror xalqaro moliyaviy markaz sifatidagi obro’siga putur yetkazishi mumkin.

“Odamlar Gonkongga boshqacha qaraydi. Pullarini shu yerga sarmoya qilishadi, shartnomalarni shu yerda tuzishadi, biznes juda faol. “Bir mamlakat, ikki tizim” maqomi qulay, ammo Gonkong va Xitoy o’rtasidagi farq yuvilib ketayotganidan odamlar xavotirda”, - deydi Amerika savdo palatasidan Tara Jozef.

Jinoyatda gumon qilinganlarni Xitoy sudlariga topshirish taklifi hozircha to’xtatib turilgan bo’lsa-da, Kommunistik partiya boshqaruvi ostida biznes muhit Gonkongda qanday o’zgarishlarga uchrashi ko’plab kompaniyalarni o’ylantirib qo’ygan.

Xorijiy kompaniyalar hozircha shahardan chiqishni o’ylamayapti.

“Gonkongda yuzlab, hatto minglab Amerika va G’arb kompaniyalari ishlaydi. Hech biri ketishni xayoliga keltirgani ham yo’q. Ammo xavotir bor”, - deydi konsultant Stiv Vikers.

2047-yilga borib Gonkong to’liq Xitoy nazoratiga o’tadi. Yana 28 yil vaqt bo’lishiga qaramay, kompaniyalar hozirdan xavotirga tushgan.