Surgunda yashovchi gonkonglik siyosiy faol Natan Lo Xitoy Tashqi ishlari vaziri Van Yining Germaniyaga tashrifi oldidan Berlinda Xitoyga qarshi namoyish uyushtirdi. Germaniya Tashqi ishlar vazirligi binosi qarshisida o’tgan namoyishda ko’plab uyg’urlar ham qatnashdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Natan Lo Germaniya hukumatini Xitoyning iyun oyida Gonkong xavfsizligiga doir qabul qilgan qonuniga qarshi turishga chaqirdi.
“Xitoy mavzusiga kelganda Berlin sukut saqlaydi. Gonkong mavzusida ham shunday”, - dedi faol.
Sharqiy Turkiston bayroqlari bilan namoyishga qo’shilgan uyg’urlar Shinjonda millionlab millatdoshlarining qatag’on etilayotganiga norozilik bildirdi.
To’rt yil oldin 23 yoshida Gonkong parlamentiga saylangan Lo orolda demokratik harakatning yetakchi vakillaridan bo’lgan. Xitoyning Gonkong xavfsizligiga doir qonuni kuchga kirishi bilan faol Londonga ko’chdi.
Xitoy tashqi ishlar vaziri germaniyalik hamkasbi Xayko Maas bilan uchrashdi. Germaniya muxolifati nemis sanoatini Xitoy bilan biznes qilmaslikka, Gonkongdagi demokratik faollarni qo’llab-quvvatlashga chaqirmoqda.
Yevropa bo’ylab safarga chiqqan Van Yi Italiya, Fransiya, Niderlandiya, Norvegiyada ham bo’lishi kutilmoqda.