Koronavirusdan oldin narx-navo va xizmatlar yuzasidan raqobat qilgan yirik mehmonxonalar endi tozalik bobida raqobatlashmoqda.
Hozir deyarli har bir katta otelda niqob taqqan xizmatchilarni uchratish mumkin. Pandemiya mehmonxona siyosatiga katta tuzatish kiritmoqda.
Har yerda tozalikka chorlovchi yozuvlarni ko’rish mumkin. “Interkontinental”, “Xilton” kabi otellar xonalar obdon dezinfeksiyalanishini ma’lum qilmoqda.
“Mijozlar toza muhitga kirib borayotganini bilishi kerak”, - deydi “Xilton” vakili Fil Kordel.
Karantin ko’p joylarda yumshayotganiga qaramay, otellarning aksariyati hali ham bo’sh. AQShda may o’rtalarida mehmonxonalar 32 foizga band bo’lgan, xolos.
Oylab uyda o’tirgan odamlar dam olishga chiqmoqda. Mehmonxonalar har bir mijoz uchun kurashmoqda. Odamlarga o’z uyini ijaraga topshirib, biznes qilish imkonini beruvchi “Airbnb” kompaniyasi orqali dam olish uchun ijaraga turar-joy qidirish faollashgan.
Fransiyaning “Accor Hotels” kompaniyasi o’z tarmog’iga kiruvchi mehmonxonalar qayta ochilishi uchun tozalik andozalariga javob berishi kerakligini ma’lum qildi.
Jorj Vashington universitetida mehmonxona boshqaruvi bo’yicha professor Larri Yuning aytishicha, hozir hamma otellarda tozalikka alohida e’tibor berilmoqda, ba’zi otellar tozalovchi vositalar bilan savdo qiluvchi kompaniyalar bilan hamkorlik boshlagan.
Pandemiya boshida o’tkazilgan ijtimoiy so’rovda qatnashgan odamlarning 71 foizi o’z uyida tozalikka e’tiborliroq bo’lganini aytgan. Demak, deydi Fil Kordel, mehmonxonalarga ham talab yuqori bo’ladi.