AQShda saylovlar qimmat va qattiq nazorat qilinadigan jarayon

  • Amerika Ovozi

AQShda saylovlar qimmat va qattiq nazorat qilinadigan jarayon

Prezidentlik uchun kurash Amerikada bag’oyat qimmat jarayon. Oq Uyni zabt etaman deganlar – respublikachi bo’ladimi, demokratmi – yuzlab million dollar sarflaydi.

Saylov kampaniyalari moliyasi albatta nazorat ostida. Qonun jarayon oshkora va mas’uliyat bilan olib borilishini talab qiladi.


Qoshma Shtatlardagi eng qimmat uy Gollivud yoki Manxettenda emas, balki Vashingtonda joylashgan. Pensilvaniya shox ko’chasidagi 1600-uy. Oq Uy manzili bu. 2008-yilda bu yerga ko’chib kirgan Barak Obama prezidentlik poygasiga 750 million dollar sarflagan edi.

Nomzodlar saylovoldi kampaniyasi uchun mablag’ topishi kerak.

1992-yilda saylovga respublikachilar va demokratlar 135 million dollar sarflagan edi. 2008-yilgi prezidentlik poygasi 1,7 milliard dollarga tushdi.

Xo’sh, bu pul qayerdan keladi? Ularni nomzodlarga kim beradi?

Tahlilchi Brayan Darling mablag’ qanday sarflanishini tushuntiradi:

“Radio va televideniedagi siyosiy reklama millionlab dollarga tushadi. Nomzodlarning mamlakat bo’ylab targ’ibot ishlari olib borishi ham katta mablag’ talab qiladi. Nomzodlar har kuni omma bilan uchrashadi, turli tadbirlar tashkil etish kerak. Bu katta pul”.

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda saylovlar, nomzodlar va moliya/US Elections/Interest groups

1970-yillarda Kongress Federal saylov komissiyasi degan maxsus agentlik tuzgan. Uning vazifasi nomzodlar mablag’ni qayerdan olayotganini kuzatish va jarayonning oshkora o’tishini ta’minlash.

Komissiya rahbari Sintiya Bauerli:

“Nomzodlar va partiyalar nimaiki qilmasin, komissiya bundan xabardor. Ma’lumot darhol internet saytimizda­­ chop etiladi. Jamoatchilik bilishi kerak”.

Qonunlarga ko’ra, nomzod uchun pul ajratmoqchi bo’lsangiz, shaxsan o’z nomingizdan 2500 dollar, tashkilot nomidan 5000 dollar berishingiz mumkin.

Yirik korporatsiyalar va kasaba uyushmalariga jiddiy cheklovlar qo’yilgan. Kim qancha berayotgani haqida muntazam axborot berib boriladi.

Kongress, shuningdek, nomzod uchun byudjetdan mablag’ ajratish tizimini ham ishlab chiqqan, lekin da’vogarlar unga uncha qiziqmaydi, chunki moliya cheklangan va ortiqcha pul jamg’ara olmaysiz. Nomzodlar odatda bu tizimni rad etadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Prezidentlikka nomzod tanlash - uzoq va murakkab jarayon /US PRIMARIES

2010-yilda AQSh Oliy Sudi muhim qaror qabul qildi. Saylov natijasiga ta’sir o’tkazmoqchi bo’lgan targ’ibotchi tashkilotlarga bu maqsadda pul topish va sarflash huquqi berildi. Siyosiy harakat qo’mitalari deb nomlangan bu guruhlar saylovoldi jarayonida asosiy kuchga aylanmoqda.

Deyvid Levintal - "Politico” gazetasi muxbiri.

“Bu guruhlar uchun qoidalar yo’q. Ular cheklanmagan miqdorda pul topib, sarflashi mumkin. Qachon xohlasa sarflaydi bu mablag’ni ular, vaqt cheklanmagan. Reklama va shiorlar ham cheklanmagan. Masalan, bir nomzodni ochiqchasiga maqtash, boshqasini esa ochiqchasiga yomonlash mumkin”, - deydi u.

2012-yilgi poygada siyosiy harakat qo’mitalari sarflagan mablag’ nomzodlarning xarajatlaridan kattaroq bo’ladi. Lekin bu saylov natijasiga qanchalik ta’sir etadi, buni 6-noyabr kuni fuqaro ovoz berganidan keyin bilamiz. Amerika siyosatida moliya har doim ham g’alaba garovi emas.