Rossiyalik huquq faoli Toshkentdan o'lim tahdidi bitilgan maktub olgan

  • Amerika Ovozi

“Memorial”ning Markaziy Osiyo bo’yicha mutaxassisi Vitaliy Ponomarev

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkilotiga ko'ra, Markaziy Osiyo bo’yicha yetakchi ekspert, “Memorial” huquq markazi xodimi Vitaliy Ponomarevga qilingan tahdidlar jiddiy va Rossiya rahbariyati ularni puxta tergov qilishi kerak.

Tashkilot bayonotida aytilishicha, Moskva tergovni sinchiklab o’tkazishi va O’zbekiston rasmiylarini hamkorlikka ko'ndirishi darkor. Gap shundaki, Ponomarevning aytishicha, 12-yanvarda u va oilasi hayotiga do’q-po’pisa bitilgan elektron nomalar olgan. Rus va o’zbek tillaridagi bu maktublar uch daqiqa ichida uch xil elektron adresdan kelgan.

18-yanvarda u mazkur tahdidlar haqida bayonot tarqatgach, shunga o’xshash yana bir xat yetib borgan. Maktublarning barchasi Toshkentdagi kompyuterdan yuborilgan, ya'ni elektron xat yo'llagan kompyuterning IP-adresi Toshkentga ko'rsatmoqda.

"Human Rights Watch”ning bildirishicha, bu maktublarda "Qirg’iziston janubiga qadam bosgudek bo’lsang, o’zing ham, oilang ham o’ladi. Moskva, Bishkek, Jalol-Obod va O’shdagi manzillaringni bilamiz, boshingni olamiz" deyilgan.

Ponomarev Qirg’izistonga tez-tez borib turadi, deyiladi “Human Rights Watch” bayonotida, lekin O’zbekistonga 1990-yillardan beri safar qilmagan.

Faol oxirgi yillarda O’zbekiston hukumatining mintaqada dindorlarni tahqirlash, ta’qib qilish amaliyotini izchil o’rganib, hisobotlar e’lon qilgan. U O’zbekiston xavfsizlik xizmatining Rossiyadagi faoliyati borasidagi tadqiqotlari natijalarini ham chop etgan.

Ponomarev Qirg’iziston janubida diniy guruhlarni kuzatib, 2010-yilning yozida ro’y bergan etnik to’qnashuvlar borasida batafsil ma’lumotlar berib borgan, deyiladi xalqaro huquq tashkiloti bugun tarqatgan xabarda.