Vengriya qochqinlarni hibsga oladi

  • Amerika Ovozi

Vengriya 3 ming maxsus askarning qo'liga qurol va ko'zni yoshlantiruvchi gaz tutqazib, chegaraga joyladi. Bosh vazir Viktor Orban bu askarlarni xizmatga yo'llash marosimida.

Vengriya parlamenti chegarada boshpana so'rab turgan barcha insonlarni ushlab, noqonuniy migrantlarni vataniga qaytarib yuborishga doir qonun loyihasini ma'qulladi. BMT Qochqinlar idorasi va inson huquqlari tashkilotlari nazarida bu xalqaro va Yevropa Ittifoqi qonunlariga ziddir.

Vengriya 3 ming maxsus askarning qo'liga qurol va ko'zni yoshlantiruvchi gaz tutqazib, chegaraga joyladi. Ular politsiya va armiyaga yordam beradi.

Bosh vazir Viktor Orbanning aytishicha, migratsiya terrorizmni yetaklab kelmoqda. Kelgindilar bu yurt qoida va madaniyatlariga amal qilmayapti, deydi u.

Inson huquqlari himoyachilari fikricha, migratsiya va terrorizmni tenglashtirish - xato.

Qochqinlar, boshpana so'rab kelayotganlar aynan zo'ravonlik va terrordan qochmoqda, deydi Xalqaro Amnistiya tashkilotidan Todor Gardos.

Qonunga ko'ra, Vengriya kelgindilarni yoppasiga maxsus joylarga qamaydi. Barcha qochqinlar, jumladan, bolalar tikanli panjaralar bilan o'ralgan yerga tashlanadi, deya norozi Birlashgan Millatlar Tashkiloti.

Yevropa: qochqinlar oqimi davom etmoqda

Bundan tashqari, politsiya chegaradan noqonuniy o'tib Vengriyada yashayotgan har qanday muhojirni qo'lga olib, deportatsiya qilishga haqli. Avvallari faqat sarhadlar yonida ushlangan insonlar chiqarib yuborilgan.

Yuzlab migrantlar Serbiyada, xilvat, tashlandiq imoratlar, chodirlarda jon saqlaydi. Ko'pi Vengriya huquq-tartibot xodimlaridan jabr ko'rganini aytadi.

Vengriya hukumati da'volarni rad etmoqda. Biroq huquq tashkilotlari zug'umlarni xatlab, dalillar jamlagan.

Budapesht Yevropa Ittifoqi sarhadlarini himoya qilayotganini da'vo qiladi. Vengriya xalqi bu qarorni yoqlamoqda, deya ta'kidlaydi hukumat.